“Innovatsion g‘oya”. Buxorodagi qadimiy obidaga plastik romlar o‘rnatildi

Jamiyat

image

Facebook'da Buxorodagi “Masjidi Kalon” masjidiga plastik va alyuminiy romlar o‘rnatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Madaniy meros agentligi munosabat bildirdi.

Buxoro shahridagi “Masjidi Kalon” masjidi “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 27-moddasiga asosan Musulmonlar idorasining Buxoro viloyati vakilligiga masjid sifatida foydalanish uchun topshirilgan. Murojaatda ko‘rsatib o‘tilgan plastik va alyuminiy romlar 2016 yilda namozxonlarga qulayliklar yaratish maqsadida masjid ma’muriyati tomonidan o‘rnatilgani aniqlangan.

Hukumat tomonidan tasdiqlangan “Madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish va ta’mirlash-tiklash bo‘yicha 2023 yilgi Manzilli dastur”ga asosan “Masjidi Kalon”ni ham restavratsiya qilish, ta’mirlash-tiklash va obodonlashtirish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi hamda tegishli tashkilotlar tomonidan ma’qullangan. 

Hozirda mazkur loyiha asosida masjidni restavratsiya qilishning 1-bosqichi doirasida tom qismini ta’mirlash hamda konstruktiv jihatdan mustahkamlash ishlari olib borilmoqda. 

Loyihaga ko‘ra, masjiddagi plastik va alyuminiy romlarni binoning arxitekturasiga mos keladigan an’anaviy yog‘och romlarga almashtiriladi. Mazkur ishlar ta’mirlashning 2-bosqichida amalga oshirilishi belgilangan.

“Shuningdek, murojaatda aytib o‘tilgan ob’ektga kirish biletlarining pullik ekani masalasi yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz: Haqiqatan ham masjidga mahalliy va xorijiy sayohatchilar uchun kirish pullik bo‘lib, namozxonlar va ziyoratchilar uchun alohida kirish joylari mavjud bo‘lib ulardan yig‘im undirilmaydi. Ob’ektga kirish biletlarini sotishdan tushgan mablag‘lar ob’ektni saqlash va joriy ta’mirlash ishlariga sarflanadi”, deyiladi munosabatda.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro Masjidi Kalon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing