Inqiroz: Yerda qariyalar soni rekord darajada ko‘paydi

Bu qiziq

image

Dunyo aholisi barcha kuzatuvlar tarixida ilgari kuzatilmagan demografik marraga yetdi: 65 va undan yuqori yoshdagi odamlar soni ilk bor 5 yoshga to‘lmagan bolalar sonidan oshib ketdi. Bu haqda AQSH Aholini ro‘yxatga olish byurosi hisobotiga tayanib, “Axios” xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘zgarishlar demograflar kutganidan ko‘ra tezroq yuz bermoqda. Buning asosiy sabablaridan biri dunyoning aksariyat mamlakatlarida tug‘ilish darajasining pasayishi bo‘lgan.

2023 yilda sayyora aholisining 71 foizdan ortig‘i tug‘ilish ko‘rsatkichi aholining oddiy takror ko‘payishi darajasiga – bir ayolga qariyb 2,1 nafar bola to‘g‘ri keladigan darajagacha tushib ketgan mamlakatlarda yashagan. 2013 yilda esa bunday mamlakatlarda aholining atigi 45 foizi istiqomat qilgan.

Past tug‘ilish ko‘rsatkichi dunyoning aksariyat mamlakatlarida kuzatilmoqda. Bir ayolga 2,1 nafardan kam bola to‘g‘ri kelishi ko‘rsatkichi, xususan, Yerning eng ko‘p aholi yashaydigan ikki mamlakati – Xitoy va Hindistonda qayd etilgan. Aholining takror ko‘payishi darajasidan past bo‘lgan ko‘rsatkich Bangladesh, Meksika va Vetnamda ham kuzatilmoqda.

Shu bilan birga, keksa yoshdagi odamlar soni tez sur’atlar bilan o‘sishda davom etadi. AQSH Aholini ro‘yxatga olish byurosi prognoziga ko‘ra, 2025 yilda dunyoda 65 va undan yuqori yoshdagi 852 million kishi hisoblangan. 2060 yilga borib ularning soni 2 milliardga yetishi, ya’ni ikki baravardan ko‘proqqa oshishi mumkin.

Ushbu o‘zgarishlar mehnatga layoqatli yoshdagi aholi va keksalar o‘rtasidagi nisbatni asta-sekin o‘zgartirib bormoqda. Aholining yosh tarkibi bo‘yicha eng qari mintaqa sifatida Yevropa qolmoqda. Biroq qarish tendensiyasi allaqachon ancha ko‘p mamlakatlar va mintaqalarni qamrab olmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2040 yilga borib O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni yiliga 1 milliondan oshishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing