Infantino obro‘sini ko‘tarish uchun 2,7 million yevro sarflaydi
Sport
−
18:04 285 2 daqiqa
FIFA Londonda joylashgan “Ten Toes Media” marketing agentligi bilan bir necha million funt sterlinglik shartnoma imzoladi. Uning asosiy vazifalaridan biri tashkilot va uning prezidenti Janni Infantinoning obro‘sini himoya qilishdan iborat. Bu haqda “The Times” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, kelishuv 2025 yil mart oyida imzolangan va 22 oyga mo‘ljallangan. Shartnoma 2026 yil dekabr oyida o‘z nihoyasiga yetadi. Kelishuv qiymati 2,3 million funt sterling bo‘lib, bu taxminan 2,7 million yevroni tashkil etadi.
Hujjatga ko‘ra, “Ten Toes Media” FIFA’ga Instagram, Facebook, X va LinkedIn kabi ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarini boshqarishda yordam beradi. Agentlikning asosiy vazifalari FIFA va Infantinoning obro‘sini himoya qilish, tashkilotning ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘rinishini oshirish, shuningdek, prezidentning qarashlariga mos kommunikatsiya strategiyasini ishlab chiqish uchun tahlil va zarur vositalarni taqdim etishdan iborat.
Shartnoma haqidagi ma’lumotlar Janni Infantino faoliyatiga nisbatan tanqidlar kuchayib borayotgan bir paytda oshkor bo‘ldi. Tanqidlarga sabab bo‘lgan masalalardan biri Infantinoning kelajakdagi Jahon chempionatlari va boshqa FIFA turnirlarining tijoriy huquqlariga xususiy investorlarni jalb qilish taklifi bo‘ldi. Biroq ushbu loyiha futbol jamoatchiligi va sport sohasi vakillarining jiddiy qarshiligidan so‘ng bekor qilindi.
Ma’lumot uchun, 2027 yil mart oyida FIFA prezidenti saylovi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Infantinoning mazkur saylovda yana bir muddatga o‘z nomzodini qo‘yishi kutilmoqda.
Live
Barchasi