Infantino lavozimini saqlab qolish uchun Trampdan yordam so‘ramoqchi

Sport

image

FIFA prezidenti Janni Infantino o‘z lavozimini saqlab qolish maqsadida AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatidan yordam so‘ramoqchi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “The New York Post” xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Infantino bugun, 3 avgust kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashishi rejalashtirilgan.

“U Davlat kotibi bilan bog‘lanib, futbol Amerika yumshoq kuchining bir qismi bo‘lishi mumkinligini muhokama qilmoqchi edi. Ammo barchamiz bilamizki, gap aslida uning ishdan chetlatilishining oldini olish haqida ketmoqda. Hozir boshqa narsa haqida gapirishning iloji yo‘q”, deydi manbalardan biri.

Manbaga ko‘ra, mojaro avj olgan paytda Infantino Donald Tramp bilan ham bir necha bor telefon orqali bog‘lanishga uringan.

Eslatib o‘tamiz, Infantino FIFA’ning tijorat huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish tashabbusi bilan chiqqanidan so‘ng keskin tanqidlarga uchragan edi. Keyinchalik u mazkur rejadan voz kechgan.

FIFA ushbu tashabbus orqali 4,2 milliard dollar jalb qilish mumkinligini ma’lum qilgan. Biroq, ushbu tashabbus futbol rasmiylari, milliy federatsiyalar va boshqa tashkilotlar tomonidan keskin tanqid qilindi. Jurnalist Romen Molinaning ma’lum qilishicha, Infantino tashkilot ichida ham qo‘llab-quvvatlovini yo‘qotayotgani sababli yaqin vaqt ichida iste’foga chiqishi mumkin.

Avvalroq, UEFA FIFA prezidenti Janni Infantinoga nisbatan ishonchsizlik votumi orqali uni lavozimidan chetlatmoqchiligi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing