Indoneziyada yirik ko‘chki oqibatida 30 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
21 noyabr 2025 1467 1 daqiqa
Bugun, 21 noyabr kuni Indoneziyaning Markaziy Yava provinsiyasidagi ikki hududda yuz bergan ko‘chki oqibatida 30 kishi halok bo‘ldi, qariyb 40 kishi esa bedarak yo‘qolgan. Bu haqda mamlakatning tabiiy ofatlar oqibatlarini yumshatish agentligi vakili Abdul Muhariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Kuchli yomg‘irlar sabab yuzaga kelgan ko‘chki o‘tgan hafta oxirida Chilakap shahri va Banjarnagara tumaniga yopirilgan. Muharining aytishicha, o‘nlab uylar shikastlangan, 900 dan ortiq aholi evakuatsiya qilingan.
“Qidiruv ishlarida bir qator to‘siqlarga duch kelmoqdamiz, jumladan, chiqindilarga to‘la ko‘chki havzalari va doimiy oqayotgan suvlar. Ular yomg‘irlar sabab yangi ko‘chkilarni ham keltirib chiqarishi mumkin”, deydi Abdul Muhari.
Chilapandagi qidiruv ishlarida kamida 700 kishi, jumladan, politsiya va harbiylar ishtirok etmoqda. Ishlar kelasi haftagacha davom etadi.
Ma’lumot uchun, Indoneziyada yomg‘irlar mavsumi joriy yilning sentyabrida boshlangan va meteorologiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, kelasi yilning apreligacha davom etadi. Bu esa ko‘plab hududlarda toshqinlar va kuchli yog‘ingarchilik xavfini oshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Filippinda “Kalmaegi” tayfuni va “Fung-Vong” supertayfuni oqibatida 297 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.