Indoneziyada samolyot yo‘lovchilari bilan birga yo‘qolib qoldi
Olam
−
17 yanvar 14417 2 daqiqa
Bugun, 17 yanvar kuni Indonesia Air Transport aviakompaniyasiga tegishli ATR 400 rusumli samolyot Indoneziyaning Janubiy Sulavesi provinsiyasidagi Maros okrugi hududida radarlar bilan aloqani yo‘qotdi. Bu haqda “Detik” xabar berdi.
Qidiruv-qutqaruv xizmati operativ bo‘limi rahbari Andi Sultonning ma’lum qilishicha, bortda jami 11 kishi bo‘lgan. Unga ko‘ra, samolyotda sakkiz nafar ekipaj a’zosi va uch nafar yo‘lovchi bo‘lgan.
“Biz samolyot Bulusaraung tog‘ining cho‘qqisiga yaqin hududda qulagan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilmoqdamiz. U yerga xodimlarimizni joylashtirdik”, deydi Sulton.
Uning aytishicha, qidiruv ishlariga harbiylar va politsiya xodimlarini ham o‘z ichiga olgan qariyb 400 kishi jalb etilgan. Shuningdek, u qidiruv ishlariga noqulay ob-havo jiddiy to‘sqinlik qilganini qayd etgan.
Indoneziya Transport vazirligi ham Indonesia Air Transport aviakompaniyasi tomonidan ekspluatatsiya qilinayotgan samolyotning yo‘qolganini va uning qidiruv hududida ekanini tasdiqlagan.
Vazirlik vakili Lukman Laisa so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Makassar aeroporti dispetcherlik xizmati samolyotga qo‘nish bo‘yicha ko‘rsatma berganini aytgan. Qo‘nish jarayonida dispetcherlar samolyotning belgilangan yo‘nalishdan chetga chiqqanini aniqlab, trayektoriyani to‘g‘rilash uchun ekipajga bir necha bor buyruqlar bergan. So‘nggi ko‘rsatma uzatilgach, samolyot bilan aloqa uzilgan.
“Antara” ma’lumotiga ko‘ra, aloqa uzilgan paytda samolyot yo‘qolgan hududda o‘zgaruvchan bulutlilik kuzatilgan, ko‘rish masofasi esa 8 kilometrni tashkil etgan.
Dengiz ishlari va baliqchilik vaziri Sakti Vahyu Trenggonoga ko‘ra, ATR 42-500 bortidagi uch nafar yo‘lovchi vazirlik xodimlari bo‘lib, ular baliqchilik faoliyati ustidan havodan kuzatuv olib borayotgan bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada Liviya Bosh shtabi boshlig‘i Muhammad al-Haddad bo‘lgan biznes-jet samolyoti halokatga uchragan edi.
Live
Barchasi