Imtiyozlar tartibga solinishi emas, tugatilishi kerak – Bakirov
Jamiyat
−
23 Sentabr 2023
8703Iqtisodchi Otabek Bakirov “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga berilgan imtiyoz umumiy kvotadan chiqarilishi yechim emasligi, imtiyozlar butunlay tugatilishi kerakligini taklif qilyapti. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida izoh yozgan.
“Diplomatiya universitetiga kirish imtihonlarida maksimal ball to‘plaganiga qaramay, imtiyozxo‘rlar byudjet o‘rinlarini egallab bo‘lgani tufayli kontraktda o‘qishi aytilgan talabalarning Prezident granti asosida byudjet hisobida o‘qishi jamoatchilik tarafidan xursandchilik bilan kutib olindi. Men ham iqtidorli qizlar uchun juda xursandman. Lekin shu bilan adolat tiklandi, deyish g‘irt yolg‘onchilik bo‘lardi”, degan u o‘z izohida.
Iqtisodchining aytishicha, muammoning ildizi qanday bo‘lsa, shundayligicha qolgan. Hatto kvotalarning alohidalashtirilishi yoki ularning ro‘yxatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish ham yechim emas.
“Imtiyozlar butunlay tugatilishi lozim va bu ishni aytaylik, ramziy ma’noda Prezident maktablaridan boshlash zarur. To‘rt muchasi sog‘, ayniqsa o‘zini iqtidorli deb bilganlar imtiyozdan foydalanishdan uyalishi kerak. Ta’lim mafkurasi ham shuning ustiga qurilishi zarur”, deya fikr bildirgan Bakirov.
Shuningdek, Otabek Bakirov avval ham bu mavzuga ko‘p marta to‘xtalganini eslatar ekan, oliy ta’lim muassasalariga kirishda barcha abituriyentlar uchun teng imkoniyat yaratilishi zarur ekanini bildirgan.
“Temurbeklar maktabi”mi, zulfiyachimi, melisaning yo o‘rmonchining bolasimi, farqi yo‘q. Barchaga teng imkoniyatlar yaratilishi zarur. Yana takrorlayman:
Marhamat qilib, raqobatlashing. Kurashing. Yuting. Haloli bo‘lsin. Yutqazing. Yana kurashga kirishing”, deya ta’kidlagan iqtisodchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq QALAMPIR.UZ saytida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga kirish uchun testda maksimal – 189 ball to‘plagan bo‘lsa-da, “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilarining imtiyozlari sababli kontraktda o‘qishga qabul qilinganlar haqida videomaterial e’lon qilingan edi. Mazkur videomaterial ko‘plab odamlarning diqqatini tortib, jamoatchilikning muhokamalariga sabab bo‘lgandi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Abdulla Aripov topshirig‘iga asosan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat qabul komissiyasi tomonidan 189 ball to‘plagan bo‘lsa-da, to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinganlar bo‘yicha maxsus bayon tuzilgan.
Ko‘p o‘tmay, 189 ball to‘plaganlarning davlat grantida o‘qishi bo‘yicha Prezident Mirziyoyev topshiriq bergani ochiqlanib, imtiyozdan jabr ko‘rganlar Prezident imtiyozi asosidagi davlat grantida o‘qiydigan bo‘ldi. Shuningdek, Bilim va malakalarni baholash agentligi raisi Majid Karimov ayni paytda “Temurbeklar maktabi”ning ham kvotalarini alohidalashtirish ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi