Imtihonning yakuniy qismi. Bugun “Barselona” “Inter” mehmoni bo‘ladi

Sport

image

Bugun, 6 may kuni Yevropa Chempionlar ligasi yarim finalining javob o‘yinidan o‘rin olgan “Inter” va “Barselona” o‘rtasidagi bahs bo‘lib o‘tadi.

Trebl uchun intilayotgan Flik shogirdlari

Xansi Flik boshqaruvidagi “Barselona” joriy mavsumda maqsadlarni yuqoriy plankaga olib chiqdi va navbatma-navbat erishib bormoqda. La Ligada eng yaqin ta’qibchisi “Real Madrid”dan 4 ochko oldinda va 11 may kuni bo‘lib o‘tadigan “el klasiko” hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Ispaniya kubogida madridliklar taslim etilgan. Eng asosiy sovrin, albatta, Yevropa Chempionlar ligasi kubogi. Jamoa yarim finalda “Inter”ga duch keldi. “Montjuik” stadionida bo‘lib o‘tgan dastlabki o‘yinda jangovar 3:3 hisobi qayd etildi. Javob o‘yini oldidan kataloniyaliklar favorit maqomida. Chunki klubning asosiy hujumchisi Robert Levandovski “San-Siro”dagi uchrashuvda maydonga tushishi kutilmoqda.

“Inter”ning so‘nggi umidi

Simone Inzagi boshqaruvidagi “Inter” joriy mavsumda yaxshi start namoyish etgandi. Biroq klub yakunga kelib, birma-bir sovrinlar uchun kurashdan chiqa boshladi. Dastlab “Inter” Italiya kubogi yarim finalida hamshaharlari “Milan”ga yirik 3:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi va turnirni tark etdi. A Seriyada esa 36-turga qadar jamoa 74 ochko jamg‘argan va yetakchi “Napoli”dan 3 ochkoga ortda qolmoqda hamda chempionlik poygasida qiyinchilikka uchraydi. Yevropa Chempionlar ligasida esa klub “Barselona”ga qarshi birinchi o‘yinda jang taklif qildi va 3:3 hisobini qayd etdi. “San-Siro”dagi o‘yin barchasini hal qiladi. Yana bir faktni qayd etib o‘tish joiz, “Inter” o‘z uyida bo‘lib o‘tgan YeCHL o‘yinlarida 3 yildan beri yutqazmay kelmoqda.

Ikki jamoa tarkibidagi yo‘qotishlar

O‘yindan oldin ikki jamoa tarkibida ham bir qancha jiddiy yo‘qotishlar bor. Dasltab, “Barselona”ning yo‘qotishlari haqida. Kataloniyaliklar safida qanot himoyachisi Alexandro Balde, darvozabon Mark Andre Ter Shtegen kabilar o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Jamoaning asosiy himoyachilaridan biriga aylangan Jyul Kunde ham jarohat sabab bahsni o‘tkazib yuboradi. Ammo “ko‘k-anorranglilar” xursand bo‘ladigan tarafi hujumchi Robert Levandovski va yarim himoyachi Mark Kasado Italiyadagi bahsda maydonga tushishga tayyor. 

“Inter” safida esa jamoaning asosiy hujumchisi Lautaro Martines o‘yinni o‘tkazib yuborishi haqida mish-mishlar bor. Shuningdek, himoyachi Benjamin Pavar ham katta ehtimol “Barselona”ga qarshi uchrashuvda maydonga tusha olmaydi. 

Yuqoridagi yo‘qotishlar o‘yinning darajasiga ta’sir qilmasligi tayin. Chunki bu oxirgi imkoniyat, imtihonning yakuniy qismi.

Ma’lumot o‘rnida, “Inter” - “Barselona” o‘yini 7 mayga o‘tar kechasi 00:00 da start oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Barselona Evropa Chempionlar ligasi Inter yarim final

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing