Imtihon savollari tarqalib ketdi: minglab yoshlar bosh ko‘tardi (fotoreportaj)

Olam

image

Hindistonda imtihon savollarining sizdirilishi ortidan minglab yoshlar norozilik namoyishlariga chiqdi. Namoyishchilar mamlakat Ta’lim vaziri Dxarmendra Pradhanning iste’fosini talab qilmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Namoyishlarga sabab imtihon varaqalarining sizib chiqishi bilan bog‘liq mojaro bo‘ldi. Faollar bu holat millionlab talabalar taqdiriga ta’sir qilganini, ayrim holatlarda esa yoshlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari qayd etilganini bildirmoqda.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi mojaroga munosabat bildirib, imtihon savollari sizib chiqishi ortida turgan shaxslarni javobgarlikka tortish uchun tezlashtirilgan sudlar tashkil etilishini ma’lum qildi.

“Yoshlarimizning farovonligi va kelajagidan muhimroq narsa yo‘q. Imtihon varaqalari sizdirilishiga aloqador shaxslar qat’iy jazolanadi”, deb yozdi Modi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Biroq bu bayonot namoyishchilarni qanoatlantirmadi. Ular hukumatdan nafaqat aybdorlarni jazolashni, balki Ta’lim vaziri Dxarmendra Pradhanning iste’fosini ham talab qilmoqda. Namoyishlarda asosiy muxolifat partiyasi vakillari ham qatnashib, talabalarni qo‘llab-quvvatlagan. Kongress partiyasi yetakchisi Rohul Gandi hukumatni ta’lim tizimidagi muammolar uchun tanqid qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yangi Dehlidagi Jantar Mantar maydonida o‘tkazilgan namoyishlarda 10 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan. Ayrim joylarda namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan. Huquq-tartibot xodimlari olomonni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va tayoqlardan foydalangan. Namoyishlar sababli Dehli metrosining markaziy hududdagi 16 ta bekati vaqtincha yopilgan.

Faollar esa norozilik aksiyalari vazir iste’foga chiqqunga qadar davom etishini bildirgan. Ularning aytishicha, imtihon tizimidagi muammolar bartaraf etilmaguncha kurash davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonda oliy ta’limga kirish imtihonlari savollarining tarqalib ketishi ortdan norozilik namoyishlari boshlangani haqida xabar berilgan edi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing