Imron Xon tahdid qildi. Fuqarolar hukumatga itoatsizlikni boshlashi mumkin
Olam
−
06 dekabr
6711Islomoboddagi “Yakuniy chaqiriq” namoyishi kuch bilan tarqatib yuborilganidan ikki hafta o‘tmasdan Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xon butun mamlakat bo‘ylab fuqarolik itoatsizligi harakatini boshlash bilan tahdid qilib, kurashni davom ettirishga va’da berdi. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
2023 yil avgust oyidan beri qamoqda bo‘lgan Xon besh kishilik muzokaralar guruhi tuzilganini e’lon qildi. Guruh hukumatga sudlanmagan mahbuslarni ozod qilish va 2023 yil 9 may va 2024 yil 26 noyabr voqealarini tekshirish uchun sud komissiyasini tuzish talablarini muhokama qilishni maqsad qilgan.
“Agar bu ikki talab qabul qilinmasa, 14 dekabrda fuqarolik itoatsizligi harakati boshlanadi. Buning oqibatlari uchun to‘liq javobgarlikni hukumat o‘z zimmasiga oladi. Harakatning bir qismi sifatida biz xorijdagi pokistonliklarni pul o‘tkazmalarini cheklashga va boykot kampaniyasini boshlashga chaqiramiz. Ikkinchi bosqichda biz harakatlarimizni yanada kuchaytiramiz”, deyiladi Xonning urdu tilidagi postida.
Bu Xonning fuqarolik itoatsizligiga birinchi marta chaqirayotgani emas. 2014 yilda u o‘sha paytdagi bosh vazir Navaz Sharif hukumatiga qarshi xuddi shunday kampaniya olib borgan va tarafdorlarini soliq va kommunal to‘lovlarni to‘lashni to‘xtatishga chaqirgan edi.
“Fuqarolik itoatsizligiga chaqiruv muzokaralarning muvaffaqiyati yoki muvaffaqiyatsizligi bilan bog‘liq, ammo bu jiddiy qadamdir. Agar xorijdagi pokistonliklar, xususan, Xayber-Paxtunxvadan bo‘lganlar pul o‘tkazmalarini to‘xtatsa, bu hukumatning iqtisodiy rejalariga jiddiy ta’sir qiladi”, dedi sobiq federal vazir Favad Chaudri “Al Jazeera”ga.
Pokiston iqtisodiyoti chet el pul o‘tkazmalariga juda bog‘liq. Chet eldagi pokistonliklar har yili vataniga 30 milliard dollarga yaqin pul jo‘natadi. Davlat markaziy bankining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki 10 oyida mamlakatga 28 milliard dollar jo‘natilgan.
Ma’lumot uchun, 2018 yil avgustidan 2022 yil apreligacha bosh vazir bo‘lib ishlagan Imran Xon parlamentdagi ishonchsizlik votumi orqali lavozimidan chetlatilgan edi. U buni AQSH va siyosiy raqiblar til biriktirib, harbiylar tomonidan uyushtirilgan deb hisoblaydi. Ammo harbiylar bu ayblovlarni doimo rad qilib keladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 noyabr kuni Imron Xonning rafiqasi Bushra Bibi boshchiligidagi Pokistonning sobiq bosh vaziri ozod etilishini talab qilgan namoyishchilar Islomoboddagi parlament binosi oldida xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashishi oqibatida olti kishi halok bo‘lgan, 50 ga yaqin kishi jarohatlangan edi.
Diyorjon Quvondiqov
LiveBarchasi