Imomo‘g‘li ishiga Erdo‘g‘anning aloqasi yo‘q – Adliya vaziri
Olam
−
19 mart
3538Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi, Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li va uning matbuot bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Murat Ongun bugun, 19 mart kuni maxsus operatsiya davomida qo‘lga olingandi. Mazkur holat Turkiyada namoyishlarga ham sabab bo‘ldi. Buning ortidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch voqealar yuzasidan tegishli bayonotini e’lon qildi.
Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Terrorizmga oid jinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha byuro tomonidan olib borilayotgan tergov doirasida 7 kishiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ular qatorida Istanbul shahar hokimi ham bor. Ushbu tergovda gumonlanuvchilar terrorchilik tashkilotiga yordam berish jinoyatini sodir etganliklari iddao qilinmoqda”, deydi u.
Qayd etilishicha, boshqa tergov harakatlari Uyushgan Jinoyatlarni tergov qilish Byurosi tomonidan olib borilmoqda. Ushbu tergov doirasida ham 100 nafar gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, ular orasida ham Istanbul shahri hokimi ham Ekrem Imomo‘g‘li bor. Ushbu tergovda gumonlanuvchilar jinoiy uyushma tarkibida poraxo‘rlik, tovlamachilik, kim oshdi savdolarida til biriktirish, malakali (kvalifitsiyalangan, jiddiy, og‘ir) firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda egallash kabi jinoyatlarni sodir etganliklari aytilmoqda. Ikkala tergov bo‘yicha jami 106 nafar gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.
“Men buni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Turkiya Respublikasi huquqiy davlatdir. Konstitutsiyamizning 9-moddasida ayonki, sud hokimiyati Turk millati nomidan mustaqil va xolis sudlar tomonidan amalga oshiriladi. Qonun ustuvorligi muhim. Qonun oldida hamma tengdir, hech kimga ustunlik berilmaydi.
Konstitutsiyamizning 138-moddasiga muvofiq sudlar mustaqildir. Hech bir organ, hokimiyat, ma’muriyat yoki shaxs o‘z yurisdiksiyasini amalga oshirishda sudlarga va sudyalarga buyruq va ko‘rsatmalar bermaydi, sirkulyar tarqatmaydi, maslahat va tushuntirishlar bermaydi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 157-moddasiga ko‘ra, tergov bosqichi yashirin hisoblanadi. Ushbu maxfiylik odil sudlovning sog‘lom ishlashi, huquqbuzarliklarning oldini olish, aybsizlik prezumpsiyasi va nomga dog‘ tushirmaslik huquqi nuqtai nazaridan juda muhimdir”, deydi Adliya vaziri.
Shuningdek, u qo‘zg‘atilgan tergovga nisbatan ish mazmuni, da’vo va dalillardan bexabar holda baho berish to‘g‘ri emasligini urg‘ulagan. Xolis va mustaqil sud olib borayotgan tergovlarni turli tomonlarga tortish, to‘ntaruv kabi iboralar bilan tavsiflash o‘ta xavfli va xato ekanini aytgan.
Shu bilan birga, vazir ko‘chalarga chiqib surishtiruvlar haqida yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish, jamoatchilikni chalg‘itishga qaratilgan chiqishlarni umuman qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan.
“Hamma bilishi kerakki, huquqiy davlatda, agar jinoyat sodir etilgani haqida da’vo bo‘lsa, himoya ko‘chalarda emas, balki sud organlarida bo‘ladi.
Jinoyat sodir etilganligi to‘g‘risida dalillar mavjud bo‘lgan taqdirda, bu haqda tegishli tergov harakatlari vakolatli sud organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Sud oldida hisob berish va himoyalanish har bir kishi uchun huquq, shu bilan birga majburiyatdir”, deydi Yilmaz Tunch.
Adliya vaziri sud qo‘zg‘atgan tergov va ishlarni Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga bog‘lash, “eng yengil ta’bir bilan aytganda, haddidan oshish, haddini bilmaslik” ekanini qo‘shimcha qilgan.
“Mamlakatimizda qonun, ijro, sud bilan kuchlar bo‘linishi muhimdir. Sud hech kimdan buyruq va ko‘rsatma olmaydi. Sudga hujum qilish, sudyalarga tahdid qilish, ularni haqorat qilish demokratik huquqiy davlatda hech qachon qabul qilinmaydi. Odil sudlovni ta’minlash uchun olib borilayotgan tergovga ta’sir o‘tkazishga qaratilgan munosabat va xatti-harakatlar qilish o‘rniga, aql bilan ish tutish kerak.
Xolis va mustaqil sudning qarori barcha uchun majburiy va hurmat bilan qabul qilinishi kerak. Tergov bosqichida da’volar, himoya va dalillar ko‘zdan kechiriladi, tergovning maxfiyligi yo‘qolganda esa, jamoatchilik moddiy haqiqatni to‘liq ochiqlik va shaffoflik bilan ko‘radi. Shuning uchun hozirdan boshlab, tergov mazmuni haqida hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmasdan turib, oldindan ijobiy yoki salbiy xulosa chiqarish to‘g‘ri emas.
Shuni unutmaslik kerakki, huquqiy davlatda beayblik prinsipi va dog‘ tushirmaslik huquqi asosiy hisoblanadi. Turk odil sudloviga ishonish kerak. Sudning o‘zida huquqni qidirish usullari butunlay ochiqdir.
Odil sudlovning to‘liq va mukammal amalga oshirilishi uchun jarayonni xotirjam kuzatish, chiqariladigan qarorni hurmat bilan qabul qilish barchamizning umumiy mas’uliyatimizdir. Hech kimda shubha bo‘lmasin.
Sud amalga oshirayotgan ishlar o‘z-o‘zidan nazorat qilinishi lozim. Kim qanday da’volarga qarshi chiqayotgani, ularning himoyasi qandayligi, da’volarga nisbatan dalillar qandayligi, o‘tkazilgan tergov natijasida ma’lum bo‘ladi. Hammamiz birgalikda tergov natijasini xotirjamlik bilan kutishimiz kerak”, dedi Adliya vaziri.
LiveBarchasi
20 mart
Temu O‘zbekistonda bloklandi.
20 mart
Trenddagilar

