Imomali Rahmonning “siyosiy vorisi” ham saylovda ovoz berdi
Olam
−
11 Oktabr 2020
7866Avval xabar berganimizdek, bugun, 11 oktyabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezident saylovi bo‘lib o‘tmoqda. Saylovda mamlakatni 26 yildan boshqarib kelayotgan Imomali Rahmonning “siyosiy vorisi” va o‘g‘li – Oliy Majlis raisi, Dushanbe shahri hokimi Rusta Imomali ovoz berish jarayonlarida ishtirok etdi.
U ovoz berish uchun Dushanbe shahrining Ismoili Somoni tumanining 2-saylov okrugi, 15-saylov uchastkasiga bordi.
Mamlakat qonunchiligi talablariga muvofiq, Rustam Imomali ko‘plab xalqaro kuzatuvchilar, siyosiy partiyalar, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida ovoz bergan.
Ovoz berish jarayoni soat 20:00 da yakunlanadi. Besh nomzod davlat rahbari lavozimiga da’vogarlik qilmoqda.
Ular orasida Mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi, Yoshlar ittifoqi va Tojikiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan nomzod qilib ko‘rsatilgan amaldagi Prezident Imomali Rahmon ham bor.
Shuningdek, saylovlarda sotsialistlardan Abduhalim G‘afforzoda, Tojikiston Iqtisodiy islohotlar partiyasidan Rustam Rahmatzoda, kommunistlardan Miroj Abdulloyev va agrarlardan Rustam Latifzoda ishtirok etmoqda.
Prezidentlik saylovida Tojikistonda mavjud 7 ta siyosiy partiyadan beshtasining nomzodi ishtirok etmoqda.
Tojikistonda saylovchilarning umumiy soni 4 mln 900 ming 545 taga teng bo‘lib, ular 68 ta saylov okruglarida joylashgan saylov uchastkalarida munosib nomzodlarga ovoz beradilar.
Shuningdek, ovoz berish uchun 29 ta mamlakatda 39 ta saylov uchastkalari ochilgan.
Ma’lumot uchun, Tojikistondagi saylovlarni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi boshchiligidagi delegatsiya ham kuzatib bormoqda.
Mamlakatning amaldagi Prezidenti Imomali Rahmon 1994 yildan buyon prezidentlik kursisini egallab kelmoqda.
LiveBarchasi