Imomali Rahmon uchinchi marta Ka’baga kirdi
Olam
−
19 iyul 2023
9229“Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi birinchi sammitda ishtirok etish uchun Saudiya Arabistoniga borgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bugun, 19 iyul kuni sammit oldidan Makkaga yo‘l oldi va Umra ziyoratini amalga oshirdi. Bu haqda respublika Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Imomali Rahmon boshchiligidagi delegatsiya a’zolari muqaddas Ka’baga kirib, namoz o‘qishga muyassar bo‘lgan.
Shundan so‘ng Tojikiston Prezidenti ham Safo va Marva tepaliklariga chiqib, Zamzam suvidan ichgan.
“Imomali Rahmon Makkaga safari chog‘ida o‘z xalqi farovonligi uchun duo qildi”, deyiladi Prezident Matbuot xizmati xabarida.
Qayd etilishicha, Tojikiston rahbari Saudiya Arabistoniga rasmiy va amaliy tashriflari chog‘ida beshinchi marta Makkani ziyorat qilmoqda. U bungacha 4 marta Umra amalini bajargan va shulardan ikkitasida Ka’baga kirishga muvaffaq bo‘lgan. U dastlab 1997 yilda kichik Umra ziyoratini ado etgan bo‘lsa, so‘ng bu yil 2001, 2005 va 2016 yillarda takroriy Umra amallarini bajargan.