Imomali Rahmon tojikistonliklarning ko‘p marotaba Hajga borishidan noroziligini bildirdi

Olam

image

Ikkinchi yoki uchinchi marta Hajga bormoqchi bo‘lgan tojikistonliklar buning uchun ajratilgan mablag‘ni boshqa xayriya ishlariga sarflagani ma’qul. Bu haqda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon jamoatchilik vakillari, olimlar va din arboblari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Tojikiston yetakchisi Muhammad payg‘ambar faqat bir marta Haj ziyoratiga borgani, musulmonlar esa bir marta Haj qilishlari farz ekanini ta’kidladi. Prezident takroriy haj uchun ajratilgan mablag‘larni shariat amrlari asosida sarflashning bir qancha variantlarini taklif qildi. Bular:

  • oila uchun munosib hayotni ta’minlash;
  • bolalar va nabiralarni tarbiyalash;
  • mamlakatni yaxshilash;
  • korxonalar, maktablar, yo‘llar va ko‘priklar qurish;
  • yetimlar, uysizlar, nogironlar, kasallar va kam ta’minlangan oilalarga yordam berish va qo‘llab-quvvatlash.

“Biz xalqimizning ziyorat qilishiga qarshi emasmiz, lekin shuni ta’kidlaymanki, bu jarayon xurofot, taqlid va raqobat xarakterini olmasligi kerak”, deydi Imomali Rahmon.

Prezident mamlakat mustaqillikka erishgunga qadar Tojikistonning 5 million aholisidan atigi 29 nafari Haj ziyoratiga borganini aytdi. Bugungi kunda esa bunday odamlar 250 mingdan ortiq. Birgina 2023 yilda 63 ming Tojikiston fuqarosi Haj va Umra ziyoratlarini amalga oshirib, buning uchun jami 1,2 milliard somoniydan (109,5 million dollar) ortiq mablag‘ sarflagan.

Ma’lumot uchun, Tojikiston rahbari Saudiya Arabistoniga rasmiy va amaliy tashriflari chog‘ida besh marta Makkani ziyorat qilgan. U 5 marta Umra amalini bajargan va shulardan uchtasida Ka’baga kirishga muvaffaq bo‘lgan.  U dastlab 1997 yilda kichik Umra ziyoratini ado etgan bo‘lsa, so‘ng 2001, 2005, 2016 va 2023 yillarda takroriy Umra amallarini bajargan. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Imomali Rahmon ayollarning Hajdan qaytgach, milliy madaniyatga yot kiyim kiyishini, xatti-harakatlari, takabburlik qilishi, omma oldida o‘zini ko‘rsatishga urinishini jiddiy tanqid qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Haj Imomali Rahmon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing