Imomali Rahmon mintaqadagi millionlab odamlarga ta’sir qiladigan muammoni aytdi

Olam

image

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon muzliklarning yo‘q bo‘lib ketishi butun Markaziy Osiyodagi millionlab odamlarning hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u kecha, 30 may kuni Dushanbeda o‘tkazilgan muzliklarni saqlash bo‘yicha birinchi yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada so‘z ochdi.

Tojikiston rahbari muzliklar ichimlik suvi manbalaridan eng muhimi ekanini ta’kidlagan. Imomali Rahmon ularni saqlash barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda muhim shart ekanini aytgan.

“Muzliklarning erishi tog‘li hududlardagi aholiga muammolar keltirib chiqaradi – bu suv toshqinlari, yer silkinishlari va qor ko‘chkilariga olib keladi, infratuzilmalarga katta zarar yetkazadi. Tojikiston hududining 93 foizini tog‘lar tashkil etgani bois tabiiy ofatlarga juda sezgir qolmoqda”, degan davlat rahbari.

Prezidentning ta’kidlashicha, mamlakatda jami 14 ming muzlik mavjud bo‘lib, ular atrofida mamlakatning taxminan 60 foiz ichimlik suvi manbalari jamlangan. Shulardan 1300 ta muzlik butunlay erib ketgan va bu jarayon davom etmoqda.

Bunday tendensiya global miqyosda ham mavjud – iqlim o‘zgarishi tufayli dunyoda tog‘ muzliklarining uchdan biri yo‘q bo‘lib ketdi. Mutaxassislar fikricha, eng katta tabiat o‘zgarishlari 2023 yilda kuzatilgan. Natijada 600 gigatonna chuchuk suv yo‘qolib, dunyo okeanining o‘rtacha darajasi ko‘tarilgan.

Shu muammolar munosabati bilan Imomali Rahmon barcha manfaatdor tomonlarni “Kriosfera fanlari bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi” loyihasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.

Shuningdek, Prezident muzliklarni saqlash uchun quyidagi chora-tadbirlarni taklif qilgan:

  • Muzliklarning ichimlik suvi ta’minotidagi hayotiy ahamiyati haqida xalqaro hamjamiyatni yanada xabardor qilish;
  • Olimlar, tadqiqotchilar, fuqarolik jamiyati va boshqa manfaatdor tomonlarni faol jalb etgan holda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish;
  • Muzliklarning o‘zgarish jarayonlarini va ularning ekotizimlarga ta’sirini chuqurroq o‘rganish uchun kompleks monitoring va ilmiy tadqiqotlar tashkil etish;
  • Muzliklarning tez erishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha birgalikdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • Muzliklarni muhofaza qilish tashabbuslarini amaliyotga tatbiq etish va Xalqaro muzliklarni saqlash fondini qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy va texnik resurslarni samarali jalb qilish.

“Bizning asosiy maqsadimiz – ushbu hayotiy resurslarni bugungi va kelajak avlodlar uchun xalqaro hamjamiyatning samarali va birgalikdagi sa’y-harakatlari orqali saqlashdir”, deya o‘z nutqini yakunlagan Prezident.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMTning iqlim bo‘yicha ekspertlari Butunjahon muzliklar kuni munosabati bilan bergan bayonotida agar muzliklarning hozirgi erish sur’ati saqlanib qolsa, ular sayyoraning ko‘plab mintaqalarida XXI asr oxirigacha saqlanib qolmasligi haqida aytilgandi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, muzliklar dunyodagi chuchuk suv zaxiralarining taxminan 70 foizini o‘zida jamlagan. Ular iqlim o‘zgarishining muhim ko‘rsatkichi bo‘lib, odatda barqaror iqlim sharoitida erimaydi. Ammo hozir, inson faoliyati tufayli yuzaga kelgan global isish oqibatida ularning maydoni misli ko‘rilmagan tezlikda qisqarmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Imomali Rahmon Markaziy Osiyo muzliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing