Imomali Rahmon Markaziy Osiyodagi suv tanqisligi haqida gapirdi
Olam
−
03 noyabr 2021
8930Shu kungacha Tojikistondagi 14 ming muzlikdan mingdan ortig‘i to‘liq erib ketdi. Bu haqda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon kecha, 2 noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim bo‘yicha konferensiyasi doirasida o‘tkazilgan ikki kunlik sammitda gapirdi. U sammitda onlayn tarzda ishtirok etdi.
“Muzliklarimiz tez erib ketmoqda. Shu kungacha Tojikistondagi 14 ming muzlikdan mingdan ortig‘i to‘liq erib ketdi”, degan Tojikiston rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha o‘n yillikda Tojikistonda Markaziy Osiyo mintaqasi suv resurslarining 60 foizdan ortig‘ini tashkil etuvchi muzliklarning umumiy hajmi qariyb uchdan bir qismga kamaygan.
“Ushbu jarayon davom etishining og‘ir oqibatlarini inobatga olib, biz avvalroq 2025 yilni Xalqaro muzliklarni himoya qilish yili deb e’lon qilishni va Butunjahon muzliklarni himoya qilish kunining aniq sanasini belgilashni taklif qilgan edik”, degan davlat rahbari.
Uning qayd etishicha, Tojikiston bu tashabbuslarni turli darajalarda faol ilgari surmoqda va ular Suv va iqlim koalitsiyasi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanishiga umid qilmoqda.
Prezident hozirda mintaqada elektr va suv resurslariga talab sezilarli darajada oshib borayotganini aytgan.
“Buning sababi, so‘nggi o‘n yillikda biz mintaqamizdagi iqlim siklining sezilarli o‘zgarishini tobora ko‘proq kuzatmoqdamiz. Qishimiz sovuqroq va uzoqroq, yozimiz esa issiq va quruqroq bo‘ldi. Bundan tashqari, gidrologik sikl o‘zgarib bormoqda, bu esa mintaqadagi daryolar oqimining hajmi va vaqti bo‘yicha o‘zgarishiga olib keladi. Shu bilan birga, mintaqadagi mavjud quvvatlar ham elektr energiyasi ishlab chiqarish, ham suv resurslarini tartibga solish nuqtai nazaridan aholi va iqtisodiyotning o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondira olmaydi”, degan Tojikiston Respublikasi Prezidenti.
Misol tariqasida u o‘tgan yilning yozida Tojikiston qo‘shni davlatlarga elektr energiyasi eksportini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lganini keltirgan.
Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa mamlakatlari sug‘orish mavsumi avjida suv tanqisligiga duch kelgan.
“Bu yil qishning erta boshlanishi, sovuq va uzoq davom etishi bizga yangi vazifalarni olib keldi. Qolaversa, bu yil kuchli qurg‘oqchilik mintaqaning ayrim mamlakatlarida chorva mollarining va hosilning nobud bo‘lishiga olib keldi”, degan Imomali Rahmon.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil 31 oktyabrdan 12 noyabrgacha Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Shotlandiyada Butunjahon iqlim konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. 1 va 2 noyabr kunlari jahon yetakchilari sammiti bo‘lib o‘tdi.
LiveBarchasi