Imomali Rahmon dunyoni yaqinlashayotgan xavfdan ogohlantirdi
Olam
−
23 mart 2023
56549Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon butun dunyoda muzliklar erib borayotgani, XXI asrning oxiriga borib, sayyorada muzliklarning uchdan bir qismi yo‘q bo‘lib ketishidan ogohlantirdi. Bu haqda u BMTning “2025 yilga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi: Muzliklarni saqlash xalqaro yili” mavzusidagi tadbiridagi nutqida so‘z ochdi.
Imomali Rahmonning aytishicha, mazkur jarayon, ayniqsa, Tojikistonda yaqqol sezilmoqda. So‘nggi 50 yil ichida mamlakatda mingdan ortiq muzliklar to‘liq erib ketgan, mamlakat muzliklarining umumiy hajmi qariyb uchdan bir qismga qisqargan.
Shuningdek, u hozirda dunyoda aholi jon boshiga toza suv ko‘rsatkichi 2,5 barobarga, Markaziy Osiyo mintaqasida esa 4 barobarga kamayganini ta’kidlagan.
“Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, so‘nggi uch yil dunyodagi meteorologik kuzatuvlarning butun davri uchun eng issiq yil bo‘ldi. Aholi sonining o‘sishi va iqtisodiy taraqqiyot tufayli suvga bo‘lgan talabning oshganini hisobga olsak, bu jarayonning davom etishi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin”, degan Tojikiston rahbari.
Bundan tashqari, Tojikiston Prezidenti Arktika va Antarktika muzliklarining erishi dengiz sathining ko‘tarilishiga sabab bo‘lib, dunyoning yuz millionlab aholisi, ayniqsa, kichik orol davlatlardagi odamlar hayotiga tahdid solayotganini aytgan.
Shu munosabat bilan Imomali Rahmon o‘rtacha havo haroratini pasaytirishga qaratilgan izchil va kelishilgan sa’y-harakatlarni amalga oshirishga chaqirgan. U 2025 yil Tojikiston muzliklarni saqlash bo‘yicha xalqaro konferensiyaga mezbonlik qilishini qayd etgan.