Imomali Rahmon armiyani jangga tayyor bo‘lishga chaqirdi
Olam
−
07 Sentabr 2021
22755Tojikistonda davlat mustaqilligining 30 yilligi sharafiga harbiy parad bo‘lib o‘tdi. Paradda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon nutq so‘zlab, tojik xalqi mustaqillik va ozodlikka erishgandan so‘ng, o‘ta og‘ir tarixiy sinov – fuqarolar urushiga duch kelganini aytdi.
Biroq, o‘z donoligi tufayli tojik xalqi butun insoniyatga mustaqillik va milliy suverenitet bayrog‘i ostida birlasha olishini isbotladi, deya ta’kidlagan Rahmon.
Davlat rahbari Tojikiston Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza qilish organlarining konstitutsiyaviy tuzumni tiklash, mamlakatda tinchlik, osoyishtalik va siyosiy barqarorlikni ta’minlashdagi ulkan tarixiy rolini qayd etdi.
Shuningdek, Imomali Rahmon mintaqa va dunyoda terrorchilik, ekstremistik va radikal harakat va tashkilotlar, giyohvand moddalar va qurollarning noqonuniy aylanishi, kiberjinoyatlar hamda boshqa transmilliy uyushgan jinoyatlar faoliyatining kengayishiga e’tibor qaratdi.
Tahlil va prognozlarga ko‘ra, mintaqa va dunyoning alohida mamlakatlarida bunday vaziyat davom etadi hamda kelajakda yanada keskinlashadi.
“Bunday sharoitda Qurolli Kuchlar, huquqni muhofaza qilish organlari va, ayniqsa, Chegara qo‘shinlari rahbariyati davlat chegarasini, jamoat va davlat xavfsizligini, xalqning tinch hayotini muhofaza qilishi va qurolli bo‘linmalarning jangovar tayyorgarligini yuqori darajada saqlab turishi lozim”, degan Imomali Rahmon.