Ilon Mask endi “Amerika ovozi” va “Ozodlik radiosi”ni yopmoqchi
Olam
−
10 fevral 9388 2 daqiqa
AQSH Hukumat samaradorligi departamenti ( DOGE ) rahbari va Prezident Donald Trampning eng yaqin maslahatchilaridan biri Ilon Mask AQSH hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan “Amerika ovozi” va “Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi” faoliyatini tugatishga chaqirdi. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bildirdi.
“Ha, ularni yoping!
- Yevropa allaqachon ozod (agar bo‘g‘uvchi byurokratiyani hisobga olmasak). To‘g‘rimi?
- Hech kim ularni endi eshitmaydi.
Bularning barchasi o‘zaro suhbat qilayotgan, shu bilan birga soliq to‘lovchilarning yiliga bir milliard dollarini “yoqib yuborayotgan jinni chap radikallar”, deb yozdi u Prezident Trampning uzoq yillik tarafdori Richard Grenell boshlagan munozarada qatnashib.
Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maxsus vakili Grenell ushbu radiostansiyalarni o‘ta chap kun tartibini ilgari surishda ayblab, bu “o‘tmish qoldiqlari”ni yopish vaqti kelmadimi, degan savolni o‘rtaga tashlagan edi.
Vashingtondagi rasmiy shaxslarning hech biri hozircha Maskning bayonotlariga izoh bergani yo‘q. Biroq DOGE rahbarining USAID – AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligini yopish haqidagi chaqiriqlari ilgari Prezident Tramp ma’muriyati tomonidan tushunish va qo‘llab-quvvatlash bilan qabul qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Davlat boshqaruvi samaradorligi bo‘yicha yangi departamentining (DOGE) rahbari va tadbirkor Ilon Mask joriy yil 2 fevral kuni USAID’ni “jinoyatchi tashkilot” deb atab, uning “o‘lish vaqti kelganini” bildirgan edi. 3 fevral kuni esa Mask Tramp USAID’ni yopishga rozi bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, DOGE rahbari agentlikni yopish jarayoni “allaqachon boshlanganini” ta’kidladi. Tashkilotning o‘zi esa xodimlariga USAID’ning shtab-kvartirasi yopilishi haqida elektron xat yuborgan. Ushbu xatda USAID bosh binosida faoliyat yuritadigan xodimlar masofadan ishlashi, binoning ish faoliyatini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xodimlarning esa rahbariyat qaroriga ko‘ra ishni davom ettirishi ta’kidlangan. Keyinroq Amerika federal sudyasi Karl Nikols AQSH hukumatining AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) xodimlarining 2 ming 200 ga yaqinini ma’muriy ta’tilga chiqarish to‘g‘risidagi qarorini to‘xtatib qo‘ydi.
Live
Barchasi