Ilon Mask dunyodagi ilk trillionerga aylanishi mumkin

Olam

image

Ilon Mask o‘ziga tegishli SpaceX kompaniyasi aksiyalarining qiymatini ommaviy savdoga chiqarish arafasida 1,75 trillion dollar deb baholadi va birjadagi aksiyalar savdosi shu narxda amalga oshsa, Mask dunyodagi birinchi trillionerga aylanishi mumkin. Bu haqda kompaniya AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga (SEC) taqdim etgan hujjatlarda e’lon qildi.  

Qayd etilishicha, SpaceX aksiyalarining dastlabki bahosi har bir donasi uchun 135 dollar qilib belgilangan. Agar investorlar ushbu narxda aksiyalarni sotib olsa, kompaniyaning umumiy bozor qiymati taxminan 1,75 trillion dollarga yetadi. Bu esa, joriy yil boshida qayd etilgan 1,25 trillion dollarlik bahodan sezilarli darajada yuqori.

Ma’lum qilinishicha, kompaniyaning aksiyalarni ommaviy joylashtirish jarayoni (IPO) 12 iyun kuni Nasdaq birjasida boshlanishi kutilmoqda. SpaceX mazkur IPO orqali 75 milliard dollar jalb qilishni rejalashtirgan. Bu esa, AQSH fond bozori tarixidagi eng yirik IPOlardan biri bo‘lishi mumkin.
 
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kompaniyaning bir haftadan ortiq vaqt oldin aksiya narxini e’lon qilishi juda kam uchraydigan holat hisoblanadi. Odatda kompaniyalar aksiyalar savdosi boshlanishidan bir kun oldingina dastlabki narxni ma’lum qiladi.

Agar aksiyalar 135 dollar yoki undan yuqori bahoda sotilsa, SpaceX dunyodagi eng qimmat kompaniyalar qatoridan joy oladi. Bu holatda kompaniyaning 80 foizdan ortiq aksiyalariga egalik qiluvchi Ilon Maskning boyligi ham keskin oshib, nazariy jihatdan uni birinchi trillionerga aylantirishi mumkin.

Biroq tahlilchilar bunday natija kafolatlanmaganini ta’kidlamoqda. Dealogic ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 30 yil ichida birjaga chiqqan kompaniyalarning qariyb yarmi IPOdan keyin o‘z qiymatining bir qismini yo‘qotgan. Mergermarket tadqiqot markazi mutaxassisi Samuel Kerr SpaceX’ning bahosi esa juda yuqori ekanini qayd etgan.

“Kompaniyaning bahosi uning hozirgi savdo hajmiga nisbatan, hatto Alphabet, Amazon, Apple, Meta, Nvidia, Microsoft va Tesla kabi texnologik gigantlardan ham yuqori baholanmoqda. Biroq investorlar SpaceX’ni bugungi daromadlari emas, balki kelajakdagi imkoniyatlari uchun baholagan”, degan u.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, SpaceX 2025 yilda 18,6 milliard dollar daromad olgan bo‘lsa-da, yilni 4,9 milliard dollar sof zarar bilan yakunlagan. 2026 yilning birinchi choragida esa, kompaniya 4,7 milliard dollarlik tushumga erishgan, ammo 4,3 milliard dollar zarar qayd etgan.

Ma’lumot uchun, hozirda SpaceX’ning aktivlari 102 milliard dollarga baholanmoqda. Shu bilan birga kompaniyaning qarzi 60,5 milliard dollarni tashkil etadi. Kompaniya faqat kosmik raketa va infratuzilmalar bilan cheklanib qolmay, sun’iy intellekt, ijtimoiy tarmoqlar, sun’iy yo‘ldosh interneti va data-markazlar sohasiga ham katta sarmoya kiritmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq SpaceX kompaniyasining Starlink loyihasi nega O‘zbekiston hududida hanuz ishlamayotgani haqida tahliliy maqola e’lon qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

SpaceX Ilon Mask

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing