Ilon Mask 20 mlrd dollardan ko‘proqqa tushdi

Olam

image

Amerikalik milliarder Ilon Mask kecha, 20 iyul kuni Tesla aksiyalari narxining tushib ketishi oqibatida 20,3 milliard dollar yo‘qotdi. Bu haqda “Bloomberg” tomonidan taqdim etiluvchi dunyoning eng boy odamlari kundalik reytingida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Maskning boyligi 20,3 milliard dollarga kamayib, hozirda 234,4 milliard dollarni tashkil qilmoqda. Bunga Ilon Maskning kompaniya o‘z mahsulotlari narxini pasaytirishda davom etishga majburligi haqidagi bayonoti sabab bo‘lgan. Uning bayonotidan so‘ng Tesla aksiyalari qiymati 9,7 foizga pasayib ketdi.

Shunga qaramay Mask hamon dunyoning eng boy odami bo‘lib turibdi. U reytingning ikkinchi pog‘onasidagi fransuz milliarderi Bernar Arnodan naqd 33 milliard dollarga boyroq.

Umuman olganda, dunyo boylari reytingidagi 10 nafar millarderdan faqat Uorren Baffetning boyligida o‘sish kuzatilgan. Amerikalik investor va tadbirkor boyligini 1,25 milliard dollarga ko‘paytirgan holda dunyoning yettinchi eng boy odami bo‘lib turibdi.

Maskdan tashqari reytingning uchinchi o‘rnidagi Amazon egasi Jeff Bezos va Meta kompaniyasi asoschisi Mark Sukerberg eng ko‘p boylik yo‘qotgan milliarderlar bo‘lgan. Bezos 5,32 milliard dollar yo‘qotgan bo‘lsa, Sukerberg 4,70 milliard dollaridan ayrilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 aprelida Ilon Maskning Starship raketasi sinov parvozi vaqtida portlab ketishi ortidan milliarder bir kechada 13 milliard dollar yo‘qotgandi. Bungacha u 2022 yilning boshida Tesla aksiyalari narxining pasayishi fonida 21 milliard dollarga “qashshoqlashgandi”. O‘sha yil oxiriga borib esa Mask 200 milliard dollar yo‘qotgan ilk milliarderga aylandi.


Maqola muallifi

Teglar

milliarder Ilon Mask Tesla

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing