Ilk bor sun’iy tuxumlardan jo‘ja ochib chiqdi
Bu qiziq
−
20 may 5887 2 daqiqa
Yo‘qolib ketgan mamontlar va boshqa hayvonlarni “qayta tiriltirish” loyihalari bilan tanilgan AQSHning Colossal Biosciences biotexnologik startapi mutaxassislari sun’iy tuxumlardan 26 ta jo‘jani muvaffaqiyatli chiqardi. Bu haqdagi tadqiqot “Phys” jurnalida e’lon qilindi.
Oddiy tuxum po‘chog‘i o‘rniga olimlar 3D-printerda tayyorlangan plastik karkasdan foydalangan. Unga haqiqiy urug‘langan tuxum tarkibi – sariqlik, oqsil va embrion joylashtirilgan. Shundan keyin tuzilma inkubatorga qo‘yilgan.
Loyiha mualliflarining aytishicha, bu texnologiya kelajakda yo‘qolib ketgan ulkan qushlar embrionlarini yetishtirishga yordam berishi mumkin. Masalan, Janubiy moa qushi shular jumlasidan. U Yangi Zelandiyada yashagan bo‘lib, uning tuxumlari tovuq tuxumlaridan taxminan 80 baravar katta bo‘lgan. Shu sababli zamonaviy qushlar ularni tabiiy tarzda bosib yota olmaydi.
Biroq ilmiy jamoatchilik bu loyihani ehtiyotkorlik bilan qabul qilgan. Ayrim biologlar ta’kidlashicha, bu to‘liq ma’nodagi “sun’iy tuxum” emas, balki ichida tabiiy tarkib saqlangan plastik qobiq hisoblanadi.
“Bu sun’iy tuxum emas, balki takomillashtirilgan sun’iy po‘choq, xolos”, deydi Buffalo universiteti professori Vinsent Linch.
Olimlar yana shuni ta’kidlashganki, hatto DNKni muvaffaqiyatli tahrirlash orqali ham yo‘qolib ketgan turni to‘liq qaytarib bo‘lmaydi. Amalda bu o‘zgartirilgan genlarga ega zamonaviy hayvon bo‘ladi.
Texnik masalalardan tashqari, loyiha yana etika bo‘yicha bahslarni ham kuchaytirgan. Tanqidchilar fikricha, yo‘qolib ketgan hayvonlarni “qayta tiriltirish” uchun ajratilayotgan katta mablag‘larni hozir yo‘qolish xavfi ostida turgan turlarni saqlab qolishga sarflash maqsadga muvofiqroq.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya va Tailand tadqiqotchilari Janubi-Sharqiy Osiyoda hozirgacha aniqlangan eng yirik dinozavr turini topgan edi.
Live
BarchasiBuxoroda yana zilzila bo‘ldi
21 may