Ukrainada 3D-printer yordamida bomba ishlab chiqarilmoqda – “The Economist”
Texnologiya
−
03 avgust 2023
4725Ukrainadagi havaskor qurol tayyorlovchilar piyodalarga qarshi bombalarni 3D-printer yordamida ishlab chiqarmoqda. Bu haqda “The Economist” nashri tomonidan e’lon qilingan maqolada so‘z boradi.
Maqolada yozilishicha, Kiyevda Lyosha taxallusli odam bir guruh do‘stlari bilan birga o‘z uylarida ishlab, bundan uch oy avval an’anaviy qo‘l granatalarining muqobil variantini ishlab chiqqan. “Zaychik” (quyon) deb nomlangan 800 grammlik qo‘l granatasi piyodalarga qarshi ishlatiladi. Guruh uni tayyorlashda granata korpusini (qobiq) 3D-printer yordamida yasaydi. Uning ichi esa maxsus portlovchi modda va po‘lat shrapnel (oskolka) bilan to‘ldiriladi. Odatiy 300 grammlik granatalar dron yordamida dushmanga uloqtirilganda kutilgan natijani bermay, nishon shunchaki yugurib ketish orqali undan qochishi mumkin. “Zaychik” esa bu muammoni hal qiladi. Granata muallifining aytishicha, ushbu qo‘lbola portlovchi vosita shrapnellari sinovlar paytida yog‘ochni “sariyog‘dek” kesgan.
Ta’kidlanishicha, Lyoshaning jamoasi haftasiga mingga yaqin qo‘lbola bombalarning qobiqlarini 3D-printerda bosib chiqaradi.
Qo‘lbola o‘q-dorilarning zavodda ishlab chiqarilganlaridan asosiy ustunligi ularning arzonligida.
Shuningdek, yana bir “Yovvoyi asalarilar” nomli ko‘ngilli guruh Polshaning Lodz shahrida Ukraina askarlari uchun qo‘lbola granatalar yetkazib berish bilan shug‘ullanmoqda. Ular granata komponentlarini 3,50 yevro narxida 3D-printerda ishlab chiqaryapti.
Zamonaviy texnologiya yordamida yaratilgan granatalardan hatto, zirhli texnikalar, jumladan, Rossiya tanklariga qarshi ham foydalanish mumkinligi da’vo qilinmoqda. Portlovchi vositalarning zarar yetkazish radiusini kengaytirish hamda uni jang maydonida yanada samaraliroq qilish uchun modellashtirish jarayonida dasturiy ta’minotdan ham foydalanilmoqda. Shu bilan birga, bunday vazifalar uchun sun’iy intellektdan ham foydalanish rejalashtirilyapti.
LiveBarchasi