Shveysariyada dunyodagi eng baland 3D-printerda yasalgan bino ochildi

Texnologiya

image

Shveysariyadagi “Tor Alva” (Oq minora) nomli bino dunyodagi eng baland 3D-printerda yasalgan inshoot sifatida e’tirof etildi. U Graubyunden kantonidagi Mulegns shahrida joylashgan bo‘lib, 2 500 ta 3D bosma qatlamdan iborat. Bu haqda “Swissinfo” xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 20 may kuni Shveysariya Federal Kengashi a’zosi Gi Parmelen ushbu binoni rasman ochib bergan. Minoraning balandligi 30 metr bo‘lib, bu 3D-printerda chop etilgan inshootlar orasida eng balandi. Parmelen bu loyihani “mintaqa uchun yangi davrning boshlanishi” deb atagan va uni ma’nosi jihatidan Eyfel minorasiga qiyoslagan.

Syurix Texnologiya Oliy maktabi mutaxassislari tomonidan loyihalangan minoraning tuzilishi 32 ta 3D-printerda chop etilgan ustun asosida qurilgan. Arxitektor va dizayner Benjamin Dillenburgerning aytishicha, har bir ustun 250 kilometrga teng bosma materialdan iborat bo‘lib, butun inshoot jami 2500 qatlamdan tashkil topgan.

Syurix universiteti prezidenti Jerom Mezo bu inshootni Shveysariyaning muhandislik va ilm-fandagi innovatsion kuchini ifodalovchi timsol deb atagan. Uning aytishicha, bino qurilishida beton 50 foizga kam ishlatilgan, bu esa kelgusida uy va inshootlar qurilishida karbonat chiqindilarini kamaytirishga yordam beradi.

Qayd etilishicha, “Oq minora” loyihasi tarixiy ma’no ham kasb etadi. U Graubyunden viloyatidan XV-XVIII asrlarda ocharchilik sababli emigratsiya qilgan qandolatchilar xotirasiga bag‘ishlangan. Minoradagi panjara shaklidagi dizayn shirin piroglarni eslatadi. XX asr boshlarida Mulegns aholisi 150 kishi bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ular atigi 11 nafar. Shuning uchun mahalliy aholi ushbu loyiha yordamida mintaqaga tashrif buyuruvchilar oqimi oshishiga umid qilmoqda.

Biroq loyihani amalga oshirish oson bo‘lmagan. Minora rejalashtirilganidan ikki yil kech ochilgan va kutilganidan ikki baravar ko‘proq – 4,4 million Shveysariya frankiga tushgan. Qurilishni tashkillashtirgan Origen Foundation direktori Jovanni Netzerning aytishicha, asosiy muammolar texnologik cheklovlar, 3D qismlarni montaj qilishdagi murakkabliklar va 1 500 metr balandlikdagi tog‘li hududda materialning reaksiyasi bo‘lgan.

“Yaxshi tomoni shundaki, “Tor Alva” ko‘chma inshoot sifatida loyihalashtirilgan. U Mulegnsda 5 yil davomida turgach, Graubyundendagi boshqa shaharlarga ko‘chiriladi. Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, beshta shahar allaqachon qiziqish bildirgan”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Shveytsariya 3D-printer Tor Alva Oq minora

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing