Qozonda birinchi MDH o‘yinlari o‘tkaziladi

Sport

image

Joriy yilning 4-11 sentyabr kunlari Rossiyaning Qozon shahrida birinchi marta Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

MDH o‘yinlarini o‘tkazish g‘oyasi Rossiya Federatsiyasi tomonidan ilgari surilgan. Bu taklif 2018 yil 28 sentyabrda Tojikiston poytaxti Dushanbeda o‘tkazilgan MDH davlatlari rahbarlari Kengashining yig‘ilishida qo‘llab-quvvatlangan.

Unda MDHga a’zo 10 ta (Rossiya, Armaniston, Ozarbayjon, Moldova, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) davlatdan jami 2 000 nafar ishtirokchi (shundan 1 500 nafari sportchi) ishtirok etishi kutilmoqda. Sportchilar 14 dan 23 yoshgacha bo‘lishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Birinchi MDH o‘yinlari dasturidan sportning 16 ta turi, ya’ni boks, stol tennisi, erkin va yunon-rum kurashi, belbog‘li kurash, sambo, dzyudo, muay-tay, karate, basketbol, o‘q otish, badminton, futbol, raqs sporti va badiiy gimnastika o‘rin olgan bo‘lib, ishtirokchilar 182 ta medallar jamlanmasi uchun kurashadi. Bahslarni 400 nafar hakam boshqarib borsa, o‘yinlarning xavfsiz o‘tishini ta’minlash uchun 10 000 nafar ko‘ngillilar jalb etilishi rejalashtirilgan.

Ushbu o‘yinlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – xalqlar o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘rnatilgan do‘stona aloqalarni mustahkamlash va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarining jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimini amalga oshirishdan iborat.

Ma’lumot uchun, birinchi MDH mamlakat o‘yinlari uchun O‘zbekiston sport delegatsiyasi 15 ta sport turida 240 nafar sportchi bilan bahslarda ishtirok etadi.


Maqola muallifi

Teglar

dzyudo boks futbol sambo Sport karate badminton basketbol MDH o'yinlari stol tennisi erkin va yunon-rum kurashi belbog'li kurash muay-tay o'q otish

Baholaganlar

40

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing