Ilk bor BMT minbarida nutq so‘zlayotgan Bayden dunyoga qanday chaqiriq bilan chiqdi? 

Olam

image

AQSH uchun cheksiz urushlar davri tugadi. Bu haqda Prezident Jo Bayden Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida ma’lum qildi. Qayd etish kerakki, 78 yoshli amerikalik siyosatchi ushbu minbarda birinchi marta Prezident sifatida nutq so‘zlamoqda. 

“Afg‘onistondagi 20 yillik mojaroni yakunladik va doimiy diplomatiyaning yangi davrini boshlayapmiz”, deydi Amerika rahbari.

Prezident sifatida ilk bor BMT minbaridan turib nutq so‘zlayotgan Bayden harbiy kuch ishlatish birinchi emas, balki oxirgi vosita bo‘lishi kerakligini va “dunyodagi hech qanday muammoga undan javob tariqasida foydalanish kerakmasligini” ta’kidlagan.

“Hech shubha qilmang, AQSH o‘zini himoya qiladi va biz kuch ishlatishga tayyormiz, lekin har bir missiya aniq va bajarilishi kerak”, deya qo‘shimcha qildi Amerika rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington yangi Sovuq urush va dunyoni bloklarga bo‘lishga intilmaydi hamda mavjud muammolarni hal qilish uchun har qanday davlat bilan hamkorlik qilishga tayyor.

Bayden Donald Tramp ma’muriyati davrida AQSH Eron yadroviy bitimidan chiqib ketishi haqida gapirar ekan, Amerika Tehronni yadroviy qurolga ega bo‘lishining “oldini olish”ga sodiqligini ta’kidlagan.

Shu bilan birga, Bayden AQSH “Besh + Bir” guruhi (BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari va Germaniya) bilan birgalikda, agar Islom Respublikasi rozi bo‘lsa, Eronning kelishuvga qaytishiga diplomatik yo‘l bilan erishishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, Prezident Amerika diplomatik yo‘l bilan Koreya yarim orolini yadrosizlantirishga intiladi, deya qo‘shimcha qilgan.

Amerika Prezidenti o‘z nutqini dunyo rahbarlariga zamonaning qiyinchiliklariga dosh berishga, yaxshiroq kelajak qurishga va sayyorani qutqarishga chaqirish bilan yakunlagan.

Eslatib o‘tamiz, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 76-sessiyasining yuqori darajadagi haftaligi bugun, 21 sentyabr kuni boshlandi va 27 sentyabrgacha davom etadi. Tez orada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham o‘z nutqi bilan ushbu sessiyasida ishtirok etadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh BMT Vashington Bayden

Baholaganlar

414

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing