Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi kun tartibi ochiqlandi
Jamiyat
−
20 iyun 2022
10705O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev joriy yilning 21-22 iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatda bo‘ladi.
Tashrif kun tartibidan O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Ikki mamlakat yetakchilari o‘zaro savdo hajmini oshirish, tadbirkorlar va hududlar darajasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish, transport-tranzit sohasidagi imkoniyatlardan samarali foydalanish, faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratadilar.
Bundan tashqari, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy vaziyat yuzasidan fikr almashadilar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida faol muloqotni rivojlantirish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qiladilar.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida sanoat, transport, qishloq xo‘jaligi, energetika, ilm-fan va innovatsiyalar, turizm va boshqa yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, tashrif arafasida Toshkent shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjonning yetakchi kompaniya va korxonalari ishtirokida ishbilarmonlik tadbirlari o‘tmoqda.
Keyingi yillarda ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlari va qo‘shma korxonalar soni sezilarli darajada ko‘paydi. 2021 yilda tovar ayirboshlash hajmi 42 foizga, joriy yil yanvar-may oylarida 49 foizga o‘sdi.
O‘tgan yili Ozarbayjon hududida o‘zbek avtomobillarini yig‘ish bo‘yicha ishlab chiqarish maydonchasi ishga tushirildi. Ipakchilik, agrar majmua, qurilish materiallari sanoati, neft-gaz, farmatsevtika va oziq-ovqat tarmoqlarida yangi kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda va ishlab chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrif bilan kelishi haqida xabar bergan edik.
Qoldirilgan tashrif
2021 yilda Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrif buyurishi aytilgandi. Biroq bu tashrif amalga oshmadi.
Qolaversa, 2020 yilning 15-16 aprel kunlari ham Ilhom Aliyev mamlakat vitse-prezidenti – Birinchi xonim Mehribon Aliyeva bilan O‘zbekistonga tashrif buyurishi rejelashtirilgandi. Ammo koronavirus pandemiyasi sababli O‘zbekistonga tashrif keyinga qoldirildi. Prezident Ilhom Aliyev tashrif epidemiologik vaziyat imkon bergan zahoti amalga oshishini ta’kidlagandi.
2020 yilning aprel oyida Toshkent shahri Mirobod tumani Temiryo‘lchilar ko‘chasida ozar xalqining umummilliy lideri, Ozarbayjon Respublikasining uchinchi Prezidenti Haydar Aliyev nomidagi umumiy maydoni 0,51 gektar bo‘lgan bog‘ barpo etilayotgani xabar qilingan. Bog‘ni ikki davlat Prezidentlari ochib berishi rejalashtirilgandi.
LiveBarchasi