Ilhom Aliyevning tanqidchisi Fransiyada o‘ldirib ketildi
Olam
−
04 Oktabr
8751Ozarbayjonlik siyosiy qochqin Vidadi Iskanderli joriy yilning 29 sentyabr kuni Fransiyadagi uyida pichoqlab ketildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
O‘sha kuni uch noma’lum shaxs Iskanderlining Fransiya sharqida joylashgan Myuluz shahridagi uyiga bostirib kirgan. Siyosiy muhojirning akasi Ogtay Iskanderlining so‘zlariga ko‘ra, bosqinchilar jigar va o‘pka doxil marhum tanasining 20 dan ortiq yeriga pichoq bilan zarba bergan. Vidadi og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketilgan, u ikki kundan so‘ng – 1 oktyabr kuni shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.
“Hozir politsiya tergov ishlarini olib bormoqda, men hozircha natijalarni bilmayman, Vidadiga kelsak, uning kechagi holatidan uning omon qolmasligi aniq edi”, dedi muxolifatchining akasi.
Ma’lum qilinishicha, fransuz politsiyasi ayni vaqtda tergov-surishtiruv harakatlarini olib bormoqda.
Vidadi Iskanderli o‘zi kim edi?
Marhum Vidadi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning tanqidchisi sifatida tanilgan. Ozarbayjonda u “Demokratiyani himoya qilishga ko‘maklashuvchi” nodavlat tashkilotiga rahbarlik qilgan. 2011 yilda u 2010 yilgi parlament saylovlarida ovoz berishga aralashgani uchun jinoiy ish bo‘yicha uch yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. 2012 yilda afv etilganidan keyin u Gruziyaga, keyin esa Fransiyaga qochib ketgan.
Yaqinda Ozarbayjon parlamenti, Milliy Majlis a’zosi Zohid O‘ruj davlat rahbari sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga qaratilgan qonunlar ishlamayotganini, shuning uchun Aliyevning tanqidchilari “qonuniy nishon sifatida zararsizlantirilishi” kerakligini aytdi.
Uning so‘zlari jamoat arboblari va muxolifatdagi siyosatchilarni xavotirga soldi, ular deputat shunchaki shaxsiy fikrini bildirdi deb emas, balki hukumatning kengroq niyatlarini namoyish qildi, deb o‘yladi. Deputat o‘z bayonotlaridan birida Iskanderlining o‘zini terrorchi deb atagan.
Manbaga ko‘ra, Ilhom Aliyev hukmronligi yillarida Ozarbayjonni ko‘plab muxolifatchilar, faollar, huquq himoyachilari va jurnalistlar tark etgan. Lekin ular xorijda ham ta’qibga uchragan. Ba’zilari noma’lum sharoitlarda vafot etgan, boshqalari esa noma’lum shaxslar tomonidan o‘ldirilgan. 2021 yilda, to‘rt oy ichida politsiya faollar Vugar Rzu (Belgiyada) va Bayram Mamedovning Turkiyada cho‘kib ketganini aniqladi. O‘sha yili faol Husayn Bakixonov noma’lum ozarbayjonlar tomonidan hujumga uchraganidan ikki kun o‘tib Tbilisidagi mehmonxona tomidan qulab, halok bo‘lgandi.
Jurnalist Afg‘on Muxtorli 2017 yilning may oyida Tbilisida o‘g‘irlab ketilib, Ozarbayjonga majburan olib ketilgan, to‘rt oy o‘tib esa “Ozodlik” radiosining sobiq muxbiri Fikret Husaynli Kiyevda kaltaklangan.