Ilhom Aliyevning sobiq kuyovi Bo‘stonliqda xalqaro turizm markazi qurmoqchi 

Jamiyat

image

Bugun, 16 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida qurilishi mo‘ljallangan xalqaro turizm markazi taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Bo‘stonliqda ko‘plab yangi majmualar barpo etilib, Amirsoy, “Beldirsoy-Chimyon-Nanay” kurorti kabi loyihalar amalga oshirilgan. Xususan, so‘nggi besh yilda 2 trillion so‘mdan ziyod investitsiya kiritilib, 13 mingdan ziyod o‘ringa ega 59 ta yangi turizm inshooti ishga tushirilgan.

Bunday natijalar chet ellik investorlarni o‘ziga tortmoqda, yanada katta miqyosdagi loyihalarga yo‘l ochmoqda. Jumladan, ozarbayjonlik ishbilarmon Emin Agalarov bir qator yirik xorijiy kompaniyalar bilan sheriklikda Chorvoq suv ombori bo‘yida “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazi barpo etish istagini bildirmoqda.

Loyihaga ko‘ra, unda dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turarjoylar bo‘ladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Turli festivallar, konsertlar va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkaziladi. Ikki qirg‘oq o‘rtasida ko‘prik qurilib, keluvchilarga qulaylik oshiriladi. Kelajakda o‘ziga xos turizm xabiga aylanib, unda yil davomida dam olish va yashash mumkin bo‘ladi.

Prezident Mirziyoyev bu taklifni ma’qullab, uni xalqaro tajriba asosida loyihalashtirish va bosqichma-bosqich qurish zarurligini ta’kidladi. Bosh vazir boshchiligida komissiya tuzib, loyihaning huquqiy asosini yaratish, infratuzilma masalalarini hal etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ma’lumot uchun, Emin Agalarov Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning qizi Leyla Aliyevaning sobiq turmush o‘rtog‘i. Ular 2006-2015 yillar birga yashagan. Uch nafar farzandi bor. Sobiq kuyov nafaqat xonanda, balki Agalarov Development kompaniyasi vitse-prezidenti ham.


Maqola muallifi

Teglar

Bo'stonliq xalqaro turizm markazi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing