Ilhom Aliyev Ozarbayjon suvereniteti tiklanganini e’lon qildi
Olam
−
21 Sentabr 2023
5818Kecha, 20 sentyabr oqshomida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev o‘z xalqiga murojaat qilib, (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi “aksilterror operatsiyasi”ning vazifalari yakunlangani va mamlakat suvereniteti tiklanganini ma’lum qildi.
“Bir kun ichida Ozarbayjon mahalliy aksilterror choralari doirasida belgilangan barcha vazifalarini bajardi. Terrorchilar yo‘q qilindi va arman tomoni o‘z provokatsiyalariga munosib javob berilishini yana bir bor anglab yetdi”, deydi Aliyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘da joylashgan arman armiyasining katta qismi “butunlay yo‘q qilingan”.
“Arman harbiy texnikasi yo‘q qilindi va yaroqsiz holga keltirildi”, degan Prezident.
Aliyevning aytishicha, 2020 yil noyabrida Ikkinchi Qorabog‘ urushidan keyin tuzilgan kelishuvga zid ravishda Armaniston uch yildan beri o‘z Qurolli kuchlari va texnikasini Ozarbayjon hududidan olib chiqmagan.
Shuningdek, Prezident operatsiya boshlanishidan oldin Qorabog‘dagi arman aholisi hujumga uchramasligini talab qilganini bildirgan.
“Biz bunga yuqori aniqlikdagi qurollar va qurolli kuchlarimizning professionalligi yordamida erishdik. Shu bilan birga, fuqarolik infratuzilmasiga ham zarar yetkazmaslik, balki harbiy infratuzilmani o‘chirib qo‘yish kerakligi haqida ko‘rsatmalar berildi”, degan Aliyev.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da “Ozarbayjon Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini tiklash maqsadida” mahalliy aksilterror choralari boshlanganini e’lon qilgandi. Baku tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi nishon emasligini ta’kidlagandi. Keyinchalik Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xavfli hududdan aholini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar va qabul punktlari yaratilganini bildirgan. Voqealar fonida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazib, (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qilgan. Majlisdan so‘ng, Pashinyan Armaniston Ozarbayjonning Qorabog‘ hududidagi harbiy amaliyotlarda qatnashishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Fransiya esa BMT Xavfsizlik kengashining Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat bo‘yicha favqulodda yig‘ilishini talab qildi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Ozarbayjonning (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qilib, tomonlarni muzokaralar stoliga chaqirdi. 20 sentyabrga kelib Ozarbayjon Mudofaa vazirligi ma’lum shartlari asosida aksilterror harakatlari to‘xtatilganini e’lon qildi. Shundan so‘ng, Nikol Pashinya Armaniston xalqiga murojaat yo‘lladi.
LiveBarchasi