Ilhom Aliyev xavotirda. U bor gapni Gretsiya elchisining yuziga soldi

Olam

image

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Gretsiyaning Ozarbayjondagi Favulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlangan Nikolaos Piperigkos bilan muloqotda rasmiy diplomatiyani chetga surib, ochiqchasiga bor muammolarni uning yuziga soldi. 

“Janob elchi, men siz bilan ochiqchasiga gaplashaman. Albatta, diplomatlar o‘zlarining muloqot usullariga ega. Men diplomatlar tayyorlaydigan institutda o‘qiganman. Shuning uchun, men diplomatik til nima ekanligini juda yaxshi bilaman. Biroq, qayerdaligimizni, nimani xohlayotganimizni va qanday qilib oldinga siljishimiz to‘g‘risida aniq tasavvurga ega bo‘lish uchun bir-birimizning pozitsiyamizni bilsak yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylayman”, deya gap boshlagan Ilhom Aliyev. 

Ozarbayjon rahbari bor dardini to‘kib-solarkan, Gretsiyadan kelgan elchiga uchta masala bo‘yicha e’tirozini ko‘ndalang qo‘yadi. Birinchisi, Ozarbayjonning SOCAR energetika kompaniyasi Gretsiyaning DESFA gaz kompaniyasini sotib olishi ortidan chiqqan kelishmovchilik bo‘lsa, ikkinchisi ozar-arman mojrasida Gretsiya Armaniston bilan harbiy hamkorlik qilayotgani. Uchinchi masala esa Turkiya bilan Gretsiya o‘rtasida Sharqiy O‘rta yer dengizi ustida yuzaga kelgan janjal. Ilhom Aliyev bular haqida o‘zining keskin munosabatini bildirarkan, Gretsiyadan Armanistonga qurol-yarog‘ tashilayotganini urg‘uladi. 

“Buni siz boshqa manbalardan emas, balki mendan eshiting. Armaniston, Gretsiya va Kipr o‘rtasidagi harbiy hamkorlik bizni tashvishlantirmoqda”, deydi Aliyev.  

Joriy yilning 12 iyul kuni ikki davlat chegarasidagi vaziyat keskinlashdi. Ozarbayjonda Armaniston Qurolli kuchlari hujumga o‘tgani aytildi. Rasmiy Yerevan ham ozarbayjonlik askarlar hujumga o‘tganini sabab qilib ko‘rsatdi. Rasmiy Baku 12 nafar harbiy jumladan general-mayor Po‘lat Gashimov ham halok bo‘lganini bildirdi. Yerevan esa 4 qurbon va 10 jarohatlangan askar haqida ma’lumot berdi.

Ilhom Aliyev bo‘lib o‘tgan voqealar haqida gapirarkan, bunda yana Armaniston tarafini ayblab, buni “terroristik harakatni amalga oshirishga qaratilgan so‘nggi urinish”, deya baholaydi. 

“Armanistonlik ofitser chegara chizig‘ini kesib o‘tmoqchi bo‘lgan paytda hibsga olingan. U allaqachon o‘z guruhi bizning harbiy xizmatchilarimiz va tinch aholiga hujum qilish maqsadini ko‘zlaganini tan olgan. Bir so‘z bilan aytganda, Armaniston Ozarbayjonning dushmani va bu ularning qarori bo‘lgan”, deydi Aliyev.

Davlat rahbari har qaysi davlatning Armaniston bilan harbiy hamkorlik qilishi Ozarbayjonni xavotirga solishini aytdi. 

“Albatta, Armanistonning har qanday davlat bilan yaqin harbiy hamkorligi xavotirga sabab bo‘ladi. Rossiyadan Armanistonga qurol-yarog‘ni intensiv ravishda yetkazib berishga bo‘lgan munosabatimiz haqida bilishingiz kerak. 16 iyul kuni faol to‘qnashuvlar to‘xtab qoldi va 17 iyuldan Rossiyadan Armanistonga Kaspiy davlatlarining havo hududi orqali ko‘plab yuk reyslari amalga oshirildi. Men buni sizga shunchaki aytayotganim yo‘q. Biz bu masalani rossiyalik sheriklarimiz bilan ham o‘rtaga tashladik: Armaniston bilan harbiy hamkorlik bizni tashvishga solmoqda, chunki bu Ozarbayjon uchun katta xavf tug‘diradi. Bu qurollardan foydalanib ular bizning harbiy xizmatchilarimizni, tinch aholini o‘ldirishadi”, deydi Aliyev.  

Prezident Gretsiya elchisiga yuzlanarkan, hamkorlikning ushbu uch tomonlama formati rasmiy Bakuni tashvishga solayotganini yana bir bor ta’kidladi. 

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon rahbari joriy yilning 13 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Rossiyadan Armanistonga qurol-yarog‘ yetkazib berilayotgandan xavotirdaligini bildirgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

246

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing