Ikkinchi jahon urushidan ham ko‘proq zarar ko‘rishimiz mumkin – Sodiq Safoyev 

Jamiyat

image

O‘zbekistonda koronavirus COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat kun sayin jiddiy tus olib bormoqda. Mamlakatda ushbu virusga chalingan bemorlar 298 nafarga yetdi. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yana bir bor xalqqa murojaat qilib, karantin qoidalariga amal qilish naqadar muhimligini tushuntirdi. Murojaatda shu sinovli damlarda har bir o‘zbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht bo‘lib harakat qilishi kerakligi va koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni ko‘rishi haqida ta’kidlab o‘tdi.

Mamlakatdagi holat haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham Xalqaro press-klubda o‘z munosabatini bildirdi.  

“Darhaqiqat, bugun  muammo haqida qancha gapirsak ham ko‘p bo‘lmaydi. Vaziyat jiddiy. Nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda vaziyat juda og‘ir. Koronavirus bilan kurash bu hazilakam gap emas. Kurashimiz jiddiy bo‘lishi kerak. Hukumat barcha vazifalarni qilmoqda. Shunday bir og‘ir vaziyatda Davlatimiz rahbari o‘ktamlik va jasorat bilan qarorlar qabul qilmoqda”, deydi senator. 

Sodiq Safoyev so‘zida davom etarkan, kutilayotgan iqtisodiy zarar miqdori va Hukumat yo‘naltirgan mablag‘ masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. 

“Agar biz o‘z vaqtida choralarni ko‘rmasak, ikkinchi jahon urushidan ham ko‘proq zarar ko‘rishimiz mumkin. O‘zbekiston hukumati koronavirus uchun ajratgan mablag‘ ayrim boy davlatlarning koronavirusga qarshi kurashga yo‘naltirgan pulidan ikki, uch barobar ko‘p bo‘lsa ko‘pki, aslo kam emas. Hukumat koronavirusga qarshi barcha choralarni ko‘zda tutgan va maksimal darajada harakat qilmoqda.

Markaziy Osiyodagi vaziyat shundayki, qo‘shnilar tinch bo‘lmasa, bu O‘zbekistonga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Chunki, davlatlar o‘rtasida qo‘shnilik va qarindoshchilik munosabatlari bor. Xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonga koronavirus uchun kurashda yordam bermoqda”, deydi Senat raisi birinchi o‘rinbosari. 


Maqola muallifi

Teglar

Oliy Majlis Sodiq Safoev

Baholaganlar

598

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing