Ikkinchi to‘lqin boshlanmagan, biz birinchi to‘lqin bilan ovoramiz - Qamariddin Shayxov
Intervyu
−
19 iyul 2020
27517Koronavirus pandemiyasi boshlangach, hali O‘zbekistonga kelmasidan ko‘plab ma’lumotlar berildi, undoq ekan, bunday bo‘larkan deyildi. Mamlakatga kirib kelgach, bunday fikrlar yana ko‘paydi. Mahalliy mutaxassislar ham bu tortishuvlarga qo‘shildi.
Koronavirus bemorlari uchun ajratilgan sharoitlar haqida turli minbarlardan “og‘iz ko‘pirtirib” maqtovlar aytildi. Ammo “tabib tabib emas, boshidan o‘tgan tabib” deganlaridek, kasal bo‘lib, sharoitni ko‘rmagan odam vaziyatni ich-ichidan his qila olmaydi.
Ayni vaqtda Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov tizimning ahvolini ichkaridan ko‘rgan inson sifatida “O‘zbekiston 24” radiosi boshlovchisi Nozima Toshpo‘latovaga real holatni so‘zlab berdi.
Nozima Toshpo‘latova, “O‘zbekiston 24” radioboshlovchisi: ― Sizningcha tizimdagi hozirgi muammolar nima sababdan kelib chiqdi va mana siz ichkaridan ko‘rdingiz, nima xulosa qila olasiz, qayerda xatoliklar bor va nimalar o‘zgarishi kerak?
Qamariddin Shayxov, QALAMPIR.UZ rahbari: ― Men hozir o‘zimni urush maydonidagi jurnalistdek tasavvur qilyapman. Men 11 iyuldan beri zamonaviy deb aytilgan Zangiotadagi shifoxonadaman. Avvalboshidan shifokorlarimizga ming rahmat aytaman. Bu yerda xizmat qilayotgan shifokorlarimizga, ularning boshida turib ezayotganlarga emas. 30, 35 yoki 40 yil davlatga xizmat qilgan odam umrining qaysidir bosqichiga kelganda salomga alikni kutadi.
Hozirgina 1 soat ichida bo‘lgan holatni misol tariqasida aytmoqchiman. Shifoxonada yotganimda OAV xodimi o‘laroq, bizning aralashuvimiz bilan yana bir 65 yoshli onaxon Zangiota shifoxonasiga yotqizildilar. Juda og‘ir ahvolda yotqizildilar. 17 kun uyda davolanib kelgan. Unga na hamshira qo‘shnisi chiqib, ukol qila olgan, na ko‘chadan kelib biron bir kishi qaragan. To bizning aralashuvimizgacha hatto, tez yordam kelmagan. 17 kun davomida o‘zi nima topsa ichib, o‘ziga-o‘zi muolaja qilib kelgan.
Tizim nimaga to kimdir chiqib baqirmaguncha, ishlamayapti? Kechirasizku, nimaga qaysidir shifokorning qizi o‘lgan otasining xunini so‘ramaguncha, tizim ishlamayapti? Nimaga borib xabar olinmayapti, shu ishlar qilinmayapti? Nega shuncha vaqtni shifoxonadan chiqib kelayotganlarga gul berib, qarsak chalish bilan o‘tkazdik. Nega jarayonlar vaqtida tashkil qilinmadi? Prezident kuyib-pishib gapirayotganlari bejiz emas. Prezident hammasini bilib, ko‘rib turibdilar. Balki bilmayotganlari ham anchadir.
Tizim boshida turganlar holat shu ahvolga kelguncha nega ishlarni tashkil qilmadi? Mana hozir pandemiyaning ikkinchi to‘lqini... Kechirasiz, biz birinchi to‘lqinni qachon tugatdik, biz birinchi to‘lqindan muvaffaqiyatli chiqa oldikmi? Birinchi to‘lqin qachon boshlandiyu, qachon tugadi? Meni nazarimda biz ikkinchi to‘lqinni qarshi olganimiz yo‘q, hali ham birinchi to‘lqin bilan ovoroamiz. Nima uchun? Chunki, bundan 25 kun avval 23 iyun kuni Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasiga yotqizilgan bemor 25 kun o‘sha yerda qolib ketib, 3 marta test topshirib, jurnalistlarning, QALAMPIR.UZ`ning ishtiroki bilan 25 kun deganda chiqdi. U 10 kun davolandi, qolgan 15 kunda testlar bo‘lmagani uchun davlatnikini yeb, “potolok”ga qarab yotdi.
O‘zim ham 4 kun oldin chiqish uchun test topshirganmanki, tezroq joyim bo‘shasin, o‘rnimga odam kelsin. Chunki tashqarida ajiotaj bo‘lib yotibdi. Testini topshirib qo‘yib 4, 5 yoki 6 kun javobini kutib o‘tirganlar juda ham ko‘p. Javob kutiladi, kelmaydi. Holbuki, shularning testini tekshirib, javobini berib yuborsa, shifoxonalar ham bo‘shaydi. Ularning o‘rniga yana odam keladi. Kimdir uyida o‘lib qolmaydi, davlatga nisbatan ortiqcha gap-so‘z ham bo‘lmaydi. Oddiygina tizim, shuni yo‘lga qo‘yish, g‘ildirakni dumalatib yuborish kerak. Yo‘q, uni kimdir to‘sib turibdi. Unga protokol kerak. Holbuki, buzulib yotgan bayonnomalar qancha?! Mana shu shifoxonaning o‘zi ham “qizil”, “sariq” va “yashil” zona deyilgan. Kechirasiz, antisanitariya bo‘lib yotibdi. Qanaqa “qizil”, “yashil” zona? Muammolar bu yerning o‘zida ham qalashib yotibdi.
Tizim ishlashi kerak. Bu tizimni boshida o‘tirgan rahbarlar, o‘sha hayfsandan, ogohlantirishdan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmas ekan, bo‘lmaydi bu ishlar. Men birgina test bilan bog‘liq masalani aytyapman. Agar shifoxonada test topshirganlarning natijasini tezroq chiqarib, shifoxonani bo‘shatsa, “O‘zekspomarkaz”da shifoxona tashkil qilishning keragi qolmaydi. 25 kun davolandi bir bemor. 10 kunda sog‘aydi, 15 kun shipga qarab yotdi. Bu orada uch marta test topshirdi. Bu davlatga qancha zarar, har biri 15 dollardan bo‘lganda 45 dollar. Har safar test yo‘qolib qolishi mumkinmi, har gal shunday iddao qilishgan. Bu bir odamning holati. Bunday holatlar yuzlab, minglab bor.
N.T.: ― Bunday bo‘lishiga kimlarningdir bee’tiborligi sabab bo‘lishi mumkin-ku.
Q.Sh.: ― Kimlarningdir emas, aniq-tiniq aytishimiz mumkin 3-4 ta rahbarning bee’tiborligi sabab bo‘lyapti. Ayrim rahbar va mutasaddilar gap eshitgach, televideniyega chiqib, tez yordam 15 daqiqada boradi deb va’da berib, yuborishyapti. Iloji yo‘q narsani va’da berish kerakmas. Prezident o‘tkazgan yig‘ilishlari 15-sanada bo‘lgan bo‘lsa, qanchalik kuyib-pishib gapirdilar, biz televizorda ko‘rib o‘tiribmiz. Ertasidan test 1 kunda chiqadi deyishdi. Qani, 4 kundirki test yo‘q. Va’da berib yuborish oson. Undan keying bo‘ladigan gap butun davlatga, Hukumatga bo‘ladi, va’dani bergan bir odamga emas. Nega buni o‘ylashmayapti? Bizda 6 oy davomida vaqt yetarli edi. Nima uchun odamlar baqir-chaqir qilib, test, dori topolmay qolgandan keyin, Sog‘liqni saqlash vazirligi chiqib, mana bu dorini ichishingiz mumkin dedi. Nima uchun bu qo‘llanmalar oldindan yaratilmadi?
Vahimasiz karantin deyishdi. Kechirib qo‘yasiz, yo‘q o‘sha vaqtning o‘zida vahima qilish kerak edi. O‘sha vaqtning o‘zida odamlarni ogohlikka chaqirish kerak edi. Biz nima qildik: vahimsiz karantin, vahimsiz karantin, ortiqcha shov-shuv qilmanglar. Rasmiy xabarlarga qarab qolib nima bo‘ldik? Odam o‘lgani haqidagi xabar ikki kun o‘tib chiqyapti. Nimaning hisobiga? Mas’ullar o‘z vazifasini bajarmayotganining hisobiga. O‘sha bechora shifokorning qizi ham chiqib, otasining pulini ololmaganiyu, otasi mana shunday o‘lib ketganini gapirmaganda edi, Xudo biladi uni puli berilarmidi yoki yo‘qmi. Uning otasining janozasiga janob vazir borarmidi yo‘qmi, unisi Xudo biladi.
N.T.: ― Qamariddin xabardorligingiz, tayyorgarligingiz yuqori bo‘la turib, qanday qilib sizda test musbat chiqdi?
Q.Sh.: ― O‘zi qo‘rqqan narsam tez yonimga keladi. Men shu kasallikni yuqtirib olishdan juda qo‘rqqan edim. Bilmayman, nimagadir ishdan uzulib qolishimdan qo‘rqqan edim. Bu qo‘rqqanim bejizga emas ekan. O‘zim kasalxonaga tushib, bu yerdagi ahvolni ko‘rib, odamlar, shifokorlar bilan muloqot qilib, endi buni ildiziga tushdim deb, ayta olaman. Tashqaridan turib, COVID unday kechyapti, bunday bo‘lyapti deb, shov-shuv ko‘tarish oson. Lekin ichkariga kirib, vaziyat qanaqaligini, test topshirish qanaqa, rentgen qanaqa, qon analizi topshirish qanaqa, umuman bu yerdagi jarayon qanaqa... Aytaylik o‘sha yangi texnologiya deb, maqtalayotgan ventilyatsiyaning qanchalik to‘g‘ri ishlayotganidan tortib, eshik qay vaqt ochib, yopilguncha, bu hamma jarayoning ichida “qaynab turibman”, hozir.
N.T.: ― Kasallarning ahvoli haqida boshida xabarlar chiqqanda ko‘pchilik “bu to‘qib chiqarilgan kasallik, alomatlar yo‘q”, degan fikrlar ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Bugun buning aksi bo‘lyapti, ya’ni, haqiqiy kasallik bor.
Q.Sh.: ― Albatta, kasallik bor. Men o‘zimning jonimdan o‘tkazib turib, bu narsani gapiryapman. Allohga shukr menda alomatlar u qadar kuchli bo‘lmadi. Duo talab ekanmiz. Kasalxonaga kelguncha ehtiyotini qilib, oldindan virusologlardan maslahatlarni olib, dorilarni iste’mol qilishni boshlagandim. Lekin maslahat ololmaganlar qancha? Bu narsa “pik”ka chiqib bo‘lgandan keyin berilyapti. Masalan, 8 iyulda ishlab yurganimda alomatlar boshlangan bo‘lsa, 4 iyulda ham, mana Zangiotadagi shifoxonaning ochilishidan oldin tanishtiruvi bo‘ldi, ushanda ham vazirdan so‘ralgandi “O‘zbekistonda “pik”ka chiqildimi?”, deb. “Yo‘q, “pik”ka chiqilmadi”, deyilgandi. Alisher Shodmonov qanday qilib, shu gapni aytdilar. QALAMPIR.UZ muxbiri “O‘zbekistonda “pik”ka chiqildimi?” degan savolni Alisher Shodmonovga ham berdi, Virusologiya instituti direktori, professor Erkin Isakovich Malikboyevga ham berdi. Ular ham “O‘zbekistonda “pik” chiqmadi” dedilar. Qanday qilib, “pik”ka chiqmagan bo‘lsa, oradan bir hafta o‘tib, ikkinchi to‘lqin boshlandi deyish mumkin? Men shu narsani umuman tushunmayapman. Ular o‘zi avval “pik”ka chiqqanmi, ikkinchi to‘lqin boshlanganmi, birinchi to‘lqinni tugatdikmi, kelishib olishsin.
Vaziyatni “Titanik”dagi holatga o‘xshatyapman. Vaziyat hamma joyda og‘ir, butun dunyo sog‘liqni saqlash tizim inqiroz holatiga kelib qoldi. Buni hammamiz ko‘rib turibmiz. Men faqat O‘zbekistonda bunday muammo bor deb, mamlakatdagi vaziyatni ayblash, qoralashdan yiroqman. Faqat hammamiz o‘nglashimiz kerak. Bu falonchining vazifasi deyotganim ham yo‘q. Hammamizning vazifamiz. Lekin bu vaziyatda kimning gardaniga nima yuk tushyapti, shuning rasamatini qilib olishimiz kerak, nazarimda. Men nega “Titanik” filmini misol qilib keltirdim. Kema baribir cho‘kadi. Hamma yoqda cho‘kyapti. Tizim inqirozga kirganini butun dunyo tan olib turibdi. Faqat filmda “ko‘zlaringizda aysberkning xavfini ko‘ryapman. Rostini ayting” deydiku, shu rostini aytish kerak. Borini aytib, vaziyatni o‘nglashga harakat qilish kerak. Aldamaslik, yolg‘on ma’lumotlar bilan raqamlarni kamaytirish uchun ishlamaslik kerak.
N.T.: ― Endi bevosita shu kasalikka chalinmaslik uchun tavsiyalaringizni bersangiz. Nimada xato qildingiz?
Q.Sh.: ― Xato qilmadim deb o‘ylayman. Buni 4 kundan keyin chiqayotgan test natijalari ko‘rsatadi. Yana bir narsa, meni ham 20 kun yotib qolish xavfim bor. Negaki, 11-sanada shifoxonaga yotgan bo‘lsam, bugun 9-kuni. Yotganimning 6-kunida test topshirganman. Endi o‘sha vaqtda kasallik mavjud bo‘lgan bo‘lsa, natija musbat bilan keladi va men yana 5 kun qolaman, shu bilan 15 kun bo‘ladi, yana test topshiraman 5 kundan keyin natija chiqadi jami 20 kun bo‘ladi.
Tavsiyaga keladigan bo‘lsak, eng muhimi – ijtimoiy masofa va ozodalik. Niqobni dahan bilan emas, yaxshilab, burun va og‘iz bilan taqinglar. Qo‘lingarni bo‘lar-bo‘lmasga ko‘zingizga olib bormang. Ozodalikka juda qattiq rioya qilinglar. O‘zingiz bu kasallikdan qo‘rmassizlar, immunitetimiz mustahkam, yoshmiz deb o‘ylashinglar mumkin, lekin atrofingizdagilarga ziyon berib qo‘yishingiz mumkin. Buning mas’uliyatini unutmang. Biz hozir “Ha, yoshlar qolib, kattalar o‘ladigan kasallik ekan-da”, demaylik. Keyin bu kattalarni qadrini kunduz chiroq yoqib ham topa olmaymiz. Ularni tajribasini, mehnatini, ko‘rsatayotgan xizmatini... Ularni birinchi o‘rinda asrashimiz kerak.
N.T.: ―Rahmat, berib o‘tgan ma’lumotlaringiz, fikrlaringiz va tavsiyalaringiz uchun.
LiveBarchasi