Ikkilamchi sanksiyaga tushish masalasiga juda ham jiddiy qaraymiz – MB raisi

Jamiyat

image

Markaziy bank raisi Temur Eshmetov AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi tomonidan Rossiyaning “Lukoyl” va “Rosneft” kompaniyalariga qarshi kiritilgan sanksiyalarning O‘zbekistonga ta’siri yuzasidan izoh berdi. Bu haqda u bugun, 24 oktyabr kuni Markaziy bankning asosiy stavka bo‘yicha matbuot anjumanida gapirdi.

“Butun dunyodagi bo‘lgan o‘zgarishlarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kichik bo‘lsa ham ta’siri bo‘ladi. Shuning uchun bunday sanksiyalar xatari, ular ro‘y bersa qanday ish tutish bo‘yicha barcha prognozlarda xatarlar doim hisobga olinadi”, deydi Eshmetov.

Markaziy bank raisining aytishicha, kuni kecha e’lon qilingan sanksiyalarning ham qisman ta’sir qilish ehtimoli bor. Lekin aynan neft mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha odatda uzoq muddatli shartnomalar kelishilgan bo‘ladi. Shu bilan birga, har qanday sanksiya qo‘llanganidan keyin odatda davlat tomonidan bir qator muzokalar olib boriladi.

“Ya’ni, sanksiyaga aloqasi bo‘lmagan davlatlar odatda qoida tariqasida muzokaralar o‘tkazib, bu sanksiyalarning maqsadi boshqa davlatlarga, boshqa davlatlarning xalqiga salbiy ta’sir ko‘rsatish maqsadi yo‘qligi, ularning boshqa uchinchi davlatlarga salbiy ta’sir qilmaydigan sharoit yaratish maqsadida doim muzokaralar o‘tkaziladi”, deydi u.

Temur Eshmetovning bildirishicha, O‘zbekistonda ikkilamchi sanksiyaga tushish masalasiga ham jiddiy qaraladi.

“Qo‘shni davlatlarning banklari sanksiyaga tushishi masalasida doim savol bo‘ladi. Biz bu ikkilamchi sanksiyaga tushish masalasiga juda ham jiddiy qaraymiz. Oxirgi 2-3 yilda sanksiyaviy komplayens ham bank tizimida takomillashdi va doimiy takomillashtirib boriladi. Shuning uchun banklarimiz amaliyotida aynan shu sanksiyadagi tovarlar bilan, sanksiyadagi tashkilotlar bilan ishlamaslik bo‘yicha qat’iy pozitsiyamizni aytib kelganmiz. Buni biz qat’iy nazorat qilamiz. O‘ylaymanki, aynan shunday ishlashimiz hozirgi paytda bizning banklar bironta sanksiyaga tushmasligiga olib keldi. Biz bu yo‘nalishda qat’iylikni davom ettiramiz”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Moliya vazirligi Rossiyaning ikki yirik neft kompaniyasi – “Rosneft” va “Lukoyl”ga qarshi sanksiyalar joriy etganini e’lon qilgandi. Vazirlikning bayonotiga ko‘ra, bu chora Rossiyaning Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha tinchlik jarayoniga “jiddiy munosabat bildirmagani” bilan izohlandi.

Shu bilan birga, Qirg‘iziston va Tojikiston banklari Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketiga kiritildi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing