Markaziy Osiyo banklari YeIning “qora ro‘yxati”ga tushdi

Olam

image

Qirg‘iziston va Tojikiston banklari Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketiga kiritildi. Bu haqdagi hujjat Yevropa Ittifoqi jurnalida e’lon qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, cheklovlar nafaqat Rossiyaning kompaniya va banklariga, balki Markaziy Osiyo, Xitoy, Hindiston va Tailanddagi biznes sub’ektlariga ham tatbiq etilgan.

Sanksiyalar ro‘yxatiga 21 nafar jismoniy va 42 ta yuridik shaxs, shuningdek Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondagi bir nechta yuridik shaxslar kiritilgan. Ular ilgari joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berganlikda gumon qilinmoqda. Yevropa Ittifoqi ularga Yevropadagi hamkorlari bilan har qanday moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishni va xalqaro to‘lov tizimlaridan foydalanishni taqiqlagan.

Sanksiyalar Qirg‘izistonning “Tolubay” va “Yevroosiyo jamg‘arma banki”, shuningdek Tojikistonning “Dushanbe Siti bank”, “Spitamen” va “Tojikiston kommers banki” faoliyatiga ham ta’sir qiladi.

Ushbu cheklovlar joriy yilning 12 noyabridan kuchga kiradi. 25 noyabrdan esa Payeer to‘lov xizmatiga nisbatan ham sanksiyalar amal qiladi.

Yangi sanksiyalar paketi Rossiyaning beshta banki, kriptobirjalari va neft savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga ham qaratilgan bo‘lib, ular Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, BAA, Paragvay va Gonkong orqali faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, endi Rossiyaga atirgul, rododendron va azaliya gullarini yetkazib berish taqiqlanadi. Shuningdek, barglar, daraxt shoxlari, kurtaksiz o‘simlik qismlari, o‘tlar, mox va lishayniklar eksporti ham man qilindi. Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Rossiyaga dvigatelli plastik o‘yinchoqlarni eksport qilishni ham taqiqladi.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi davlatlarining Energetika vazirlari ittifoqqa a’zo barcha mamlakatlarni Rossiya gazidan voz kechishini nazarda tutuvchi loyihani avtomatik tarzda ma’qullashi kutilayotgandi. Ushbu tashabbusga Vengriya va Slovakiya qarshi chiqqan, chunki ular bu qaror ulkan moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan. Moskva esa bu kabi sanksiyalarni qat’iy qoralagan.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi sanktsiya Markaziy Osiyo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing