Ikki yildan ortiq foydalanilmagan Google hisoblari o‘chirib tashlanadi
Texnologiya
−
17 may 2023
4734Google kompaniyasi kecha, 17 may kuni xavfsizlikka tahdidlarning oldini olish maqsadida tizimda ikki yildan ortiq vaqt davomida foydalanilmagan akkauntlar o‘chirib tashlanishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, uzoq vaqt foydalanilmagan akkauntlarda ko‘p hollarda eski yoki takroriy parollar ishlatiladi hamda ularda ikki bosqichli autentifikatsiyaning yoqilishi yoki hisobda xavfsizlik tekshiruvlari o‘tkazilishi ehtimoli juda kam.
“Bu akkauntlar ko‘pincha himoyasiz bo‘lib, hisob buzib kirilgan taqdirda, u identifikatorni o‘g‘irlashdan tortib, spam kabi istalmagan yoki hatto zararli kontent vektorigacha bo‘lgan har qanday narsa uchun ishlatilishi mumkin”, deydi kompaniyaning mahsulot boshqaruvi bo‘yicha vitse-prezidenti Rut Kricheli.
Eski hisoblar o‘chirilganda Gmail, Google Drive, Google Docs, Google Photos, Google Calendar va YouTube'dagi ma’lumotlar ham yo‘q qilinadi.
Ushbu amaliyot ta’lim yoki biznes akkauntlarga emas, faqat shaxsiy hisoblarga nisbatan qo‘llaniladi.
O‘chirib tashlashdan oldin Google nofaol hisoblarga va ular bilan bog‘liq bo‘lgan qayta tiklash elektron pochtalariga bildirishnomalar yuboradi. Eski akkauntlarni o‘chirish jarayoni shu yilning dekabr oyida boshlanadi va bunda oldin yaratilgan va uzoq vaqt faol bo‘lmagan hisoblar o‘chirib yuboriladi.