Ikki viloyatda Umraga yuborishni va’da qilganlar ushlandi

3-sahifa

image

Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida fuqarolarni noqonuniy ravishda Umra ziyoratiga yuborishni va’da qilib, pul talab qilgan ikki shaxs ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Samarqand viloyatining Payariq tumanida faoliyat yurituvchi aviakassa rahbari Umra ziyoratiga yuborish huquqiga ega bo‘lmaganiga qaramay, mahalliy fuqaroni Saudiya Arabistoniga olib borishni va’da qilgan. Buning evaziga undan 1150 AQSH dollari talab qilgan.

DXX va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs so‘ralgan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatidagi holatda esa Guliston tumanida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan shaxs 3 nafar fuqaroni Toshkent shahridagi go‘yoki Umra ziyoratini tashkil etish vakolatiga ega bo‘lgan turistik firma orqali Saudiya Arabistoniga yuborishni va’da qilgan. U buning uchun jami 3150 AQSH dollari talab qilgan.

Mazkur shaxs so‘ralgan puldan oldindan 3,5 mln so‘m olayotgan vaqtida DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bildirilishicha, har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida fuqarolarni aldab, Umraga jo‘natish evaziga pul undirgan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing