Ikki nafar ichki ishlar xodimi koronavirusdan vafot etdimi? IIV izoh berdi

Jamiyat

image

So‘nggi ikki kunda ikki nafar ichki ishlar organi xodimi vafot etdi. Xodimlarining o‘limi haqida Ichki ishlar vazirligi ma’lumot berib, ta’ziya bildirdi. Ammo vazirlik ularning o‘lim sababini oshkor qilmadi.

Xususan, joriy yilning 13 iyul kuni Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari mayor A’loxon Abzalovich Shamahmudov 36 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.

Kecha, 14 iyul kuni esa Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Shavkat Nasirovich Nafasov 48 yoshida vafot etdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa IIV xodimlari koronavirusdan vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur xabarlarga aniqlik kiritish uchun IIV Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov bilan bog‘landik. U xodimlarda koronavirus aniqlanganini tasdiqladi. Ammo ulardan birida infeksiya vafot etgach, qayd etilgan. 

Ahamiyatlisi, Sog‘liqni saqlash vazirligi IIV xodimlari koronavirusdan vafot etgani haqida hech qanday ma’lumot bermadi. Bu esa shundoq ham koronavirus statistikasiga shubha bilan qaralayotganda, ma’lumotlarga ishonchsizlikni yanada oshirishi turgan gap.

Bu borada Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot kotibi Furqat Sanayevning fikrlarini olish uchun u bilan bog‘lanishga harakat qildik. Ammo javob bo‘lmadi. Tez orada SSV ichki ishlar xodimlarining o‘limi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berishini kutib qolamiz.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 14 239 nafarga yetdi. Hozirgacha ularning 8 327 nafari sog‘aygan va 68 nafari vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

1328

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing