Ikki karra “Oltin to‘p” sohibi saratonga chalindi

Sport

image

Angliya terma jamoasi hamda “Nyukasl” klubining sobiq bosh murabbiyi va ikki karra “Oltin to‘p” sohibi Kevin Kiganga saraton kasalligi tashhisi qo‘yildi. Bu haqda “Nyukasl” klubi matbuot xizmati xabar berdi.

“Nyukasl” tomonidan tarqatilgan bayonotda aytilishicha, Kevin Kigan yaqinda qorin bo‘shlig‘ida kuzatilgan og‘riqlar sabab qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazish uchun shifoxonaga yotqizilgan. Tekshiruvlar natijasida unda saraton kasalligi aniqlangan va ayni paytda u davolanishni boshlagan.

“Kevin tibbiy jamoaga ularning qo‘llab-quvvatlashi va doimiy parvarishi uchun minnatdorlik bildirgan. Ushbu qiyin vaqtda u oilasi va shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni oshkor qilmaslikni so‘ragan va boshqa hech qanday izoh bermagan”, deyiladi klub bayonotida.

Ma’lumot uchun, hozirda 74 yoshni qarshilagan Kevin Kigan futbol tarixidagi eng kuchli futbolchilaridan biri sanaladi. U 1978 va 1979 yillarda ikki bor “Oltin to‘p” mukofotiga sazovor bo‘lgan. Kigan faoliyati davomida “Liverpul”, “Gamburg”, “Sautgempton” va “Nyukasl” kabi jamoalarda to‘p surgan, shuningdek, Avstraliyaning “Blektaun Siti” klubi sharafini ham himoya qilgan.

Kigan “Liverpul” safida uch marta Angliya chempioni, ikki marta Angliya Superkubogi sohibi bo‘lgan, shuningdek, UEFA kubogi, Germaniya kubogi va Yevropa kubogini qo‘lga kiritgan.
Futbolchilik faoliyatini yakunlagandan so‘ng, Kevin Kigan murabbiy sifatida “Nyukasl”, “Fulhem”, “Manchester Siti” klublari hamda Angliya terma jamoasini boshqargan.


Maqola muallifi

Teglar

“Oltin to'p” “N'yukasl” Kevin Kigan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing