Ikki institut negizida Toshkent transport universiteti tashkil etildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublika transport sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlar asosida tubdan takomillashtirish, o‘quv jarayoniga o‘qitishning innovatsion shakl va metodlari hamda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, tarmoq ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ilmiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti hamda Toshkent davlat texnika universitetining aviakosmik texnologiyalari fakulteti negizida Toshkent davlat transport universitetini (keyingi o‘rinlarda – Universitet) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Belgilab qo‘yilsinki, Universitet:

transport sohasi uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;

ilg‘or xalqaro ta’lim standartlari hamda o‘quv dasturlariga muvofiq 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab ta’limning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etadi;

Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti hamda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining barcha huquq va majburiyatlari hamda Toshkent davlat texnika universitetining aviakosmik texnologiyalari fakultetiga oid huquq va majburiyatlar bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligiga idoraviy jihatdan bo‘ysunadi.

Universitet hamda Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti huzuridagi Belorus davlat texnika universiteti bilan birgalikda tashkil etilgan qo‘shma O‘zbekiston – Belarus fakulteti Toshkent shahar, Mirobod tumani, Adilxodjayev ko‘chasi, 1-uy manzili bo‘yicha tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

3. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:

transport sohasi ehtiyojlaridan kelib chiqib, mehnat bozoridagi raqobatbardosh oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni, shuningdek, ommaviy kasb mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

transport sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion izlanish va tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini, shu jumladan, raqamli va boshqa zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, Universitet professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirishni hamda bitiruvchilarni chet elda magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etish maqsadida yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni rivojlantirish;

transport sohasi uchun kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratish, tizimdagi akademik litsey hamda sohaning professional ta’lim muassasalari ta’lim dasturlarining uzluksizligi va uzviyligini ta’minlash;

o‘quv jarayonida nazariy tayyorgarlikning amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash maqsadida transport sohasidagi tashkilotlar bilan birgalikda talabalarning amaliyotlarini tegishli soha tashkilotlarida tashkil etish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha maqsadli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

4. Belgilansinki, Universitetda o‘quv jarayoni 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi hamda talabalarni qabul qilish soni har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ikki oy muddatda Universitetni strategik rivojlantirish masalalari bo‘yicha rektorning birinchi o‘rinbosari lavozimiga malakali xorijiy mutaxassis tayinlanishini ta’minlasin.

6. Quyidagilar:

2020-2023 yillarda Toshkent davlat transport universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish hamda ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq;

Toshkent davlat transport universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin beriladigan hamda tegishli kommunal va foydalanish xarajatlarini qoplagan holda “nol” stavkadagi ijara to‘lovi asosida beriladigan ob’ektlar ro‘yxati 2 va 3-ilovalarga muvofiq;

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutidan Toshkent davlat texnika universitetiga ko‘chiriladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq;

Toshkent davlat transport universitetining Vasiylik kengashi tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Toshkent shahri, Mirobod tumani, Mehrjon ko‘chasi, 12-uyda joylashgan Yoshlar markazining binosi (sobiq Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti qoshidagi 2-son akademik litsey) O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berilsin.

8. Universitet Vasiylik kengashining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

Universitetning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va samarali faoliyatini ta’minlash uchun moliyaviy yordam tashkil etish, byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish;

bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligini oshirish va ish bilan ta’minlash bo‘yicha kadrlar buyurtmachilari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

ta’lim va ilm sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va amalga oshirishda ko‘maklashish;

oliy ta’limni rivojlantirishga qaratilgan yangi shakl va dasturlarni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini amaliyotga joriy etishni rivojlantirish;

binolarni qurish-ta’mirlash va jihozlash ishlarini amalga oshirish uchun zarur moliyaviy mablag‘lar jalb etilishini, zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika, kutubxona fondi bilan jihozlanishini ta’minlash.

9. Universitetga quyidagi huquqlar berilsin:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Transport vazirligi bilan kelishilgan holda ta’lim yo‘nalishlariga o‘zgartirish kiritish;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda, o‘quv rejalari va dasturlarini, bitiruvchilarga qo‘yiladigan malaka talablarini o‘quv jarayonining transport sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar bilan uzluksiz bog‘liqligi ta’minlanishini hisobga olgan holda, mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash;

kredit-modul tizimini o‘quv jarayoniga joriy etish borasida professor-o‘qituvchilar o‘quv yuklamasini mustaqil me’yorlashtirish, shuningdek, pedagog xodimlar tomonidan o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlari, “ustoz-shogird” tizimi bo‘yicha ishlarning bajarilishini rag‘batlantirib borish;

Universitet professor-o‘qituvchilarining Scopus va Web of Science kabi ma’lumotlar bazasiga kirgan xalqaro ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish sarf-xarajatlarini moliyalashtirish;

Universitet faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha maslahat va ekspert-tahliliy xizmatlarni shartnoma asosida ko‘rsatish, shuningdek, Vasiylik kengashi bilan kelishilgan holda taqdim etiladigan xizmatlarni samarali amalga oshirish maqsadida ilmiy-tadqiqot va innovatsion xizmatlar tuzilmalarini shakllantirish;

bakalavriat, magistratura va doktorantura yo‘nalishlari bo‘yicha yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni tashkil etish;

ish beruvchilar talablarini inobatga olgan holda o‘quv rejalaridagi nazariy ta’lim ulushini qisqartirish hisobiga amaliy mashg‘ulotlar hajmini oshirish, haftada bir kunlik amaliyot tajribasini qo‘llash;

xorijiy mutaxassislarni konsultant, maslahatchi va o‘qituvchilar sifatida jalb qilish va ularga mehnat bozorining amaldagi kon’yunkturasini hisobga olgan holda Universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan oylik maosh hamda boshqa to‘lovlarni belgilash va to‘lash;

Universitetda besh yil davomida ishlab berish sharti bilan iqtidorli talabalar va yetakchi professor-o‘qituvchilarning xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi va stajirovka o‘tashi bilan bog‘liq xarajatlarni Universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplash;

Universitet hududida joylashgan bino va inshootlarni ijaraga berish va undan tushadigan mablag‘larni elektron savdo maydonchasi operatoriga to‘langan to‘lov chegirilgandan keyin Universitetning byudjetdan tashqari jamg‘armasiga to‘liq yo‘naltirish.

10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Toshkent temir yo‘l muhandislari institutidan Toshkent davlat texnika universitetiga ko‘chirilayotgan 4-ilovadagi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olayotgan talabalarning o‘qishi Universitet yoki Toshkent davlat texnika universitetining mos yoxud turdosh ta’lim yo‘nalishlariga 2019/2020 o‘quv yili yakunlangandan so‘ng belgilangan tartibda ko‘chirilishini ta’minlasin.

11. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

a) joriy saqlash bilan bog‘liq qismi bo‘yicha:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;

xo‘jalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

b) qurilish ishlari qismi bo‘yicha har yilgi Investitsiya dasturida belgilangan tartibda yo‘naltiriladigan mablag‘lar.

12. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Universitet joylashgan hududda 2020-2022 yillarda yangi o‘quv binosi, talabalar turar joyi va axborot-resurs markazi binolarini (keyingi o‘rinlarda – Universitet binolari) qurish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda:

a) joriy yilda Universitet binolari loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va qurish ishlarini boshlash uchun:

2020 yilgi Investitsiya dasturi doirasida Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti uchun nazarda tutilgan mablag‘lar institutda joriy yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra bajarilgan qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha yakuniy hisob-kitoblar amalga oshirilgandan so‘ng yo‘naltirilishini ta’minlasin;

qo‘shimcha talab etiladigan mablag‘lar bo‘yicha 2020 yilgi Investitsiya dasturi doirasida markazlashgan kapital qo‘yilmalarning iqtisod qilingan qismini qayta taqsimlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

b) 2021 yil va kelgusi yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini shakllantirishda ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Universitet binolarini qurish ishlari uchun markazlashgan kapital qo‘yilmalar limitlari ajratilishini ta’minlasin.

13. Universitet binolarini qurish ishlari bo‘yicha:

Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi – buyurtmachi etib belgilansin;

bosh loyihachi va bosh pudratchi tashkilotlar qonunchilikda belgilangan tartibda tender (tanlov) savdolari orqali aniqlansin.

14. Belgilab qo‘yilsinki, Universitet faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Transport vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida, 2021 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

15. Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti hamda Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutining akademik litseylari negizida Toshkent davlat transport universitetining akademik litseyi tashkil etilsin.

Belgilansinki, Akademik litsey:

Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Guliston mavzesi, 21a-uy manzilida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi;

faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

16. Kelgusida mehnat faoliyati xususiyatlari va o‘quv amaliyoti, transport vositasi harakati hamda insonlar hayoti xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha Universitetga o‘qishga hujjat topshirishdan oldin abituriyent va talabalarni temir yo‘l transporti yo‘nalishi bo‘yicha “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining hududlardagi temir yo‘l poliklinikalarida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan tibbiyot komissiyasida, shuningdek, havodagi harakatni boshqarish yo‘nalishi bo‘yicha “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tibbiy-sanitariya bo‘limining vrachlik-uchuvchilik ekspert komissiyasida ko‘rikdan o‘tkazish tartibi saqlab qolinsin.

17. Universitet xodimlarining tashabbuskorligi va moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida Universitetda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan byudjetdan tashqari jamg‘arma (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etilsin.

18. Belgilansinki:

a) Jamg‘arma mablag‘lari to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlarining homiylik xayriyalari hisobidan shakllantiriladi;

b) Jamg‘arma mablag‘lari Universitet professor-o‘qituvchilari, shu jumladan, o‘rindoshlik asosida ishlovchi professor-o‘qituvchilari, boshqaruv, ilmiy, o‘quv-yordamchi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlariga ularning mehnatiga haq to‘lash fondining 200 foizigacha miqdorida har oylik ustamalarni to‘lashga yo‘naltiriladi;

v) Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi, shu jumladan, har oylik ustamalarni belgilash mezonlari Vasiylik kengashi bilan kelishilgan holda Universitet rektori tomonidan belgilanadi;

g) Universitetning boshqaruv, professor-o‘qituvchilari, ilmiy, o‘quv-yordamchi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan ko‘p yillik mehnati uchun rag‘batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda quyidagi hajmlarda har oyda qo‘shimcha pul to‘lanadi:

3 yildan 5 yilgacha – 0,15;

5 yildan 10 yilgacha – 0,2;

10 yildan 15 yilgacha – 0,3;

15 yildan ortiq – 0,4.

19. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri E.M.Ganiyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2020 yil 4 may


Maqola muallifi

Teglar

qaror Transport universiteti

Baholaganlar

115

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing