Ikki arab davlati diplomatik munosabatlarni uzdi 

Olam

image

Jazoir Marokash bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Bu haqda Jazoir Tashqi ishlar vaziri Ramtan Lamamra ma’lum qildi.  

“Jazoir 24 avgustdan boshlab Marokash bilan diplomatik aloqalarni uzishga qaror qildi. Mustaqillikka erishgandan beri Marokash har kuni mamlakatimizga qarshi yomon ishlarni amalga oshirdi”, degan Lamamra. 

Vazirning aytishicha, Marokashning Jazoirga dushmanligi “1963 yilgi urushdan beri maqsadli bo‘lgan”. U, shuningdek qirollikni ikkita terrorchi guruh — Rachad va MAK
bilan aloqada bo‘lganlikda ayblagan. Ta’kidlanishicha, Jazoir ularni o‘rmonlarni yoqishda aybdor, deb biladi. 

Lamamra Marokash razvedka idoralarini Jazoir rasmiylariga josuslikda ayblagan.  

Ta’kidlanishicha, ikki davlat o‘rtasidagi asosiy tortishuv G‘arbiy Sahroi Kabir muammosi hisoblanadi. Qo‘shni davlatlar bu hudud bo‘yicha qarama-qarshi pozitsiyaga ega. 

Qayd etilishicha, Jazoir Oliy Xavfsizlik Kengashi joriy yilning 18 avgustida Marokash bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishga qaror qilgandi. 

Jazoir Tashqi ishlar vazirligi iyul oyining o‘rtalarida Marokashdagi elchisini chaqirib olgan va Marokash tomonining Kabiliya viloyati haqidagi bahsli bayonotlari ortidan maslahatlashuvlar o‘tkazgan. 

Ma’lumot o‘rnida, Marokashning Nyu-Yorkdagi elchixonasi Qo‘shilmaslik harakatiga a’zo davlatlar o‘rtasida “Kabiliya xalqlarining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini” qo‘llab-quvvatlovchi rasmiy hujjatni tarqatgan. Marokash ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqa “eng uzun xorijiy istilo”ni boshdan kechirmoqda. Jazoir Tashqi ishlar vazirligi esa bunday harakatlarni qoralagan va Marokashni “bu xavfli hodisa” haqida tushuntirish berishga chaqirgan. 

Kabiliya viloyati Jazoir shimolida joylashgan bo‘lib, unda qadimiy tili va madaniyatini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan 3,5 million kabil-berberlar yashaydi. Mamlakatda bu mintaqa o‘z hukumati va madaniy muxtoriyat huquqi uchun markaziy hukumat bilan berberlar to‘qnashuvining markazi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Jazoir Marokash

Baholaganlar

215

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing