IIV “Qalpoq” va “Sho‘rdanak”dan nega uzr so‘ratdi?
Intervyu
−
09 iyun 2020
26359Xabaringiz bor, “Qalpoq” va “Sho‘rdanak” hajviy ko‘rsatuvi ijodkorlarining yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari haqidagi ko‘rsatuvchidan keyin ichki ishlar xodimlaridan kechirim so‘rashi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.
QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ushbu holat bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov bilan suhbat uyushtirdi.
Feruza Najmiddinova, jurnalist: — “Qalpoq” va “Sho‘rdanak” ijodkorlarining uzr so‘rashi kimga va nimaga kerak bo‘ldi?
Shohruh G‘iyosov, IIV Matbuot kotibi: — Hozirgi vaqtda, yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarini fuqarolarga yaqin qilish, ularning faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish hamda OAV bilan doimiy muloqot bo‘lishi uchun YHXBBda axborot xizmati tashkil etilib, media-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
U yerga yosh ijodkorlar to‘plangan. Ular yo‘l patrul xizmati xodimlari bilan bog‘liq ko‘rsatuvlar, hajviy tomoshalar va turli videoroliklarni jamoatchilik, hususan, yoshlarga ta’sir darajasini tahlil qilib, ularda mavjud bo‘lgan salbiy qarashlar va xatti-harakatlarga ob’ektiv nazar solish hamda mazkur masalani ijodkorlar bilan muhokama qilib, qator turkum lavhalar tayyorlashni maqsad qilgandi.
Shunday videolarning ikkitasi e’lon qilinganda biz kutgandek emas, teskari effekt berdi. Hozir bularning ishini tanqidiy ko‘rib chiqishimiz kerak. Jamoatchilikning fikri, bizga nisbatan tanqidlarini o‘rganib boramiz va keyingi faoliyatimizni shunga qarab yo‘lga qo‘yamiz”.
F.N.: — Ichki ishlar vazirligi “uzr chellenj”ni boshlab bermadimi?
Sh.G‘.: — Shu narsa karantin vaqtida boshlandi. Buni biz o‘zimiz nazorat qilolmay qoldik. Bir holat bo‘ldi, joyiga chiqqanda uzr so‘rashni boshladi. Keyin boshqa holatda shunday bo‘ldi va bu chellenjga aylanib ketdi. Uzr so‘rash hech bir qonunda jazo sifatida ko‘rsatilmagan. Lekin shu narsa qaytarilib, takrorlanyapti. Bu narsaga biz qarshimiz. Hozirda karantin qoidalari yumshatilgan, endi o‘zimizning xodimlar, viloyatdagi axborot xizmatlari bilan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tahlil qilib, “uzr so‘rash” chellenjidan butunlay voz kechamiz. Qonuniy chora ko‘riladi va aybdorlar jazolanadi. Qo‘shimcha uzr so‘ratish, nafsoniyatiga tegish, boshqalar oldida izza qilish hozirgi vaqtda noto‘g‘ri amaliyot.
F.N.: — Vazirlik tizimidagi illatlarning hajviya mavzusi bo‘lishi mumkin emasmi?
Sh.G‘.: — Yumor, satira, hajviy hikoyalar, tanqid bularning har biri ichki ishlar organlarini xalqqa yaqinlashtiradi, xalq uni ko‘radi, kuladi va buning tarbiyaviy ta’siri ham bor. Hozir e’lon qilingan rolikda maqsad uzr so‘rash bo‘lmagan. O‘zaro muloqot bo‘lgan, tahlil qilmoqchi bo‘lishgan. Lekin bu narsani ular ko‘rsatib berolmagan. Buning natijasida ijodkorlarga nisbatan “uzr so‘radi” mazmunida xabarlar tarqalib, ularning nafsoniyatiga tegadigan xolat yuz berdi. Bundan keyin sayoz, maqsadni ochib berolmaydigan videoroliklarni qo‘yishdan tiyilamiz. Videoni qo‘ygandan keyin tizimga, katta idoraga “xato edi”, deyish yarashmaydi. Buni tan olamiz. Endilikda har bir lavhamizni jamoatchilikka taqdim etishdan oldin, uning oqibatini ham ko‘ra bilimshiz shart va zarur.
F.N.: — Ijodkorlar yoki shu rolikni tayyorlaganlar javobgarlikka tortiladimi?
Sh.G‘.: — Yo‘q, ijodkorlarda hech qanday ayb yo‘q. Ular ijodkor, satirik. Biz ular bilan ko‘proq ishlashga, ularga kerak bo‘lsa sharoit yaratib berishga tayyormiz. Boshqa ijodkorlarga ham biz ma’lumot olishda, qiziq voqealarni yetkazishda yordam beramiz. Rolikni tayyorlagan xodimlar yangilik qilmoqchi edi. Maqsad ijobiy imij shakllantirish bo‘lgan.
F.N.: — “GAI”larning pora olmasligi uchun tizim ishlab chiqilganmi?
Sh.G‘.: — Bizning tizimdagi eng katta muammoyimiz bu hanuzgacha fuqarolar bilan muloqotimiz sust. Jamoatchilik nazorati kuchli bo‘lishini, fuqarolar bizga tizimdagi muammolar va qoidabuzarliklarni ko‘rganda, ma’lumot berishini xohlaymiz. Chunki bu orqali ular nafaqat bizning tizimga yordam beradi, ular umuman ko‘chada IIOni imijini oshirishga yordam beradi. Agar xodim qonunbuzarlikka moyil bo‘lsa yoki adashib kelgan bo‘lsa, u bizning oramizda ishlashga haqqi yo‘q. Agar fuqarolar bizga shuni aytadigan bo‘lsa, uni tizimdan ketqazishga, xatti-harakatiga qonuniy baho berishga harakat qilamiz. Ammo bu narsa sust. Shuning uchun biz o‘zimizning kuchimiz bilan safimizdagi xodimlarni tozalash bilan shug‘ullanyapmiz. Buning uchun kerakli xizmatlar, kuch va vositalar bor. Biz korrupsiyaga yo‘l qo‘yilmasligi uchun shunday sharoit yaratdikki, kimdir xodimga pora bermoqchi bo‘lganda, u bizga bu haqda aytsa, o‘sha taklif qilingan pulning ikki baravarini beramiz.
Vazirlik vakilining aytishicha, yil boshidan beri 425 ta holatda YHX xodimlari qoidabuzarlik sodir etgan. Shularning 21 nafari tizimdan ketqazilgan, 4 nafar xodimga nisbatan jinoiy ish ochilgan.
LiveBarchasi