IIV gul sug‘orishga chiqqan ayollarning YTHda halok bo‘lgani yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi arafasida ko‘chada ekilgan gullarni sug‘orish uchun olib chiqilgan uch nafar ayolni mashina urib ketgani va ular halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. 

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mazkur xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Qayd etilishicha, holat Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi.

Ma’lum bo‘lishicha, kecha, 16 may kuni soat 08:00 larda, Andijon viloyati Andijon tumanida yashovchi fuqaro A.S. davlat raqam belgisi 60 O 090 DA bo‘lgan Cobalt rusumli avtomashinani Asaka tumani “Dasturxonchi” MFY hududidan o‘tgan “Shahrixon-Andijon” yo‘lida boshqarib borayotib, charchoq ta’sirida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetiga chiqib ketgan. Natijada yo‘l chetida obodonlashtirish ishlarini olib borayotgan tuman obodonlashtirish boshqarmasi ishchilari O.P., F.T. va Z.U. ismli ayollarni urib yuborib, yo‘l-transport hodisasini sodir etgan.

Yo‘l-transport hodisasi natijasida, O.P. voqea joyida, F.T. esa ko‘rsatilgan birinchi tibbiy yordamga qaramay, olgan tan jarohatlari sabab shifoxonada vafot etgan.

Fuqaro Z.U. chap tizza qismi, o‘ng son sohasida va chap qo‘l sohasida shilinma jarohatlari bo‘lgani uchun hozirda shifoxonada davolanmoqda.

Shuningdek, tarqatilgan xabarda “yo‘l-transport hodisasini sodir etgan haydovchi voqea joyidan qochib ketgan” deb, qayd etilgan. Aslida esa hodisa joyiga yetib kelgan tezkor-tergov guruhiga haydovchi A.S. yo‘l transport hodisasini sodir etganligini aytgan va ular tomonidan voqea joyini ko‘zdan kechirish harakatida ishtirok etgan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarda “jabrlanganlar obodonlashtirish bo‘limining doimiy maosh olib ishlaydigan ishchilari emas” deb aytilgan. Aslida esa, ushbu ayollarning barchasi Asaka tumani hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasining buyrug‘iga asosan boshqarmada haq to‘lanadigan jamoat ishining ishchilari bo‘lgan.

Haydovchi boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashina tezkor-tergov guruhi tomonidan voqea joyida ko‘zdan kechirilgandan so‘ng, avtomashina qonuniy tartibda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ekspertiza o‘tkazish uchun olib ketilgan.

YTH natijasida vafot etgan shaxslarning o‘lim sabablarini, fuqaro Z.U. va haydovchi A.S.ning tan jarohati hamda og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza hamda avtomashinani texnik sozligi bo‘yicha sud-avtotexnik ekspertizasi va boshqa zaruriy ekspertizalar tayinlangan.

Mazkur YTH yuzasidan Asaka tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

YTH IIV Andijon

Baholaganlar

64

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing