IIV firibgarlik bo‘yicha jinoiy ish ochilmayotgani haqidagi xabarlarga javob qaytardi
Jamiyat
−
09 may 2019
5244Ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar organlarida firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi ochilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘rganib chiqilganda, unda qayd etilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topmagan.
Jumladan, ma’lumotda “Ichki ishlar vazirligi tizimi xodimlari, ayni paytda, oddiy o‘zbekistonliklar, ayni kunlarda Jinoyat kodeksining 168-moddasi – firibgarlik bo‘yicha tushgan arizalarni rasmiylashtirish to‘xtatilganini bildirdi”, - deb ko‘rsatilgan. Vaholanki, 2019 yilning birinchi choragida firibgarlik bilan bog‘liq 708 ta jinoyat qayd etilgan.
“Ba’zi huquqiy bilimi yetarli bo‘lmagan shaxslar moddiy oldi-berdi holatlarida fuqarolik ishlari bo‘yicha ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan, jinoyat alomatlari aniqlanmagan holatlarni farqlay olmaganliklari sababli noto‘g‘ri fikrlashmoqda”, deyiladi vazirlik axborotida.
Shuningdek, ma’lumotda “Ayni paytda, profilaktika inspektorlari aholini ma’muriy qonunchilikni buzganlikda ayblab¸ ularni jarimaga tortish bo‘yicha maxsus plan berilgani va ularning oylik olish-olmasligi ana shu planning bajarilishiga qaram bo‘lib qolganini bildirdi”, deb yozilgan. Agar ma’lumotda qayd etilganidek, “arizalarni rasmiylashtirish to‘xtatilgan, jinoyatchilik bo‘yicha statistikani kamaytirish maqsad qilingan” bo‘lsa, unda qanday qilib jarimaga tortish bo‘yicha plan berilishi mumkin? Bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi “Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2896-sonli Qarori bilan tasdiqlangan 2-ilovasidagi “Ichki ishlar organlari tayanch punktlari to‘g‘risida Nizom”da profilaktika inspektorlarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi belgilangan bo‘lib, profilaktika inspektorlari ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq o‘zlariga taalluqli bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish huquqiga egaligi belgilangan, lekin ushbu Nizomda yoki boshqa normativ-hujjatlarda profilaktika inspektorlariga har oyda majburiy ravishda ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha bayonnoma tuzish yuklatilmagan.
“Yana ma’lumotda yozilgan “Bu ma’lumot va shikoyatlar yuzasidan IIV Matbuot xizmatidan munosabat olishning imkoni bo‘lmadi – vazirlik rasmiy saytida mazkur xizmat uchun berilgan telefon raqamlariga 6 may kuni hech kim javob bermadi” deyilgan jumlaga shuni aytish mumkinki, IIVning rasmiy veb-saytida qayd etilgan Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasining xizmat telefonlari ishlab turibdi, ammo O‘zbekiston hududida akkreditatsiyadan o‘tmagan ommaviy axborot vositalari bilan muloqotga kirishilmaydi”, deyiladi ma’lumotda.
Vazirlik ushbu ishonchsiz ma’lumotni O‘zbekistonga qarshi qaratilgan navbatdagi uydirma sifatida baholagan.
LiveBarchasi