O‘zbekistonda DNK ma’lumotlar bazasini yaratish taklif qilindi

Jamiyat

image

Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risidagi Qonun loyihasi ishlab chiqildi va e’lon qilindi. Bu haqda “Norma” xabar berdi.

Hujjatning vazifalari:

  • biologik material bilan ishlash prinsiplarini va genom ma’lumotlarga ishlov berilishini tartibga solish;
  • genom ma’lumotlarning milliy ma’lumotlar bazasini yaratish (shakllantirish);
  • inson shaxsini identifikatsiyalash.

Genom bo‘yicha ro‘yxatga olish insonning huquq va erkinliklariga rioya etgan holda, qonuniylik, insonparvarlik, maxfiylik prinsiplari bilan amalga oshiriladi. U inson hayoti, salomatligi uchun xavf tug‘dirmasligi, uning sha’ni va qadr-qimmatini poymol etmasligi kerak.

Ichki ishlar vazirligi genom bo‘yicha ro‘yxatga olishni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi bo‘ladi. Biologik materialni tanlab olish funksiyalari quyidagilarning zimmasiga yuklatiladi:

  • ichki ishlar organlari, shuningdek jinoyat ishi va (yoki) tergovgacha tekshiruv materiallari ish yurituvida bo‘lgan, tergovgacha tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va sud; 
  • Adliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining sud-ekspert muassasalari.

Genom ma’lumotlar – qat’iy cheklangan holda foydalaniladigan shaxsiy ma’lumotlar, uni to‘plash va ishlov berish sharoitlari genom ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan elektron axborot resurslarini yo‘qotish, buzib ko‘rsatish va ulardan ruxsatsiz foydalanish, huquqqa zid ravishda va (yoki) bilmasdan turib foydalanish va (yoki) ularga ta’sir o‘tkazish imkonini istisno etishi kerak. Shu sababli loyihada genom ma’lumotlarni blokirovkalash va shaxssizlantirish nazarda tutilgan.

Genom bo‘yicha ro‘yxatga olishning ikkita turi nazarda tutilmoqda:

a) ixtiyoriy – O‘zbekiston fuqarolari, respublika hududida yashovchi yoki vaqtincha turuvchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yozma arizasiga ko‘ra pullik asosda amalga oshiriladi;

b) majburiy – quyidagilarning biologik materiali:

  • og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni, shuningdek shaxsning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlarning barcha toifalarini sodir etganlik uchun jazoga tortilgan O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
  • tergovgacha tekshiruv, surishtiruv, tergov harakatlari va sudda ishni ko‘rish chog‘ida olib qo‘yilgan;
  • bedarak yo‘qolgan shaxslarning biologik qarindoshlari (voyaga yetmaganlaridan tashqari);
  • ichki ishlar organlari, DXX, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, DBQ, FVV, prokuratura organlarida xizmatni o‘taydigan harbiy xizmatga chaqirilganlar hamda kasbi hayot uchun xavf tug‘diradigan O‘zbekiston fuqarolari (ro‘yxatini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi);
  • tanib olinmagan murdalar (tana qismlari).

Olingan genom ma’lumotlardan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

  • jinoyatlarning oldini olish, ularni ochish va tergov qilish, shuningdek ularni sodir etgan shaxslarni fosh etish va aniqlash;
  • bedarak yo‘qolganlarni qidirish;
  • tanib olinmagan murdalarning shaxsini aniqlash;
  • qarindoshlik munosabatlarini aniqlash.

Qonunni 2023 yil 1 yanvarda amalga kiritish taklif etilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

qonun DNK

Baholaganlar

15

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing