IIO tergovida 2 gumondor vahshiyona qiynalayotgani rostmi? Munosabat bildirildi
Jamiyat
−
02 may 2023
16251O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Facebook’dagi sahifasida Ichki ishlar organlari tomonidan bosqinchilik va boshqa og‘ir turdagi jinoyatlar bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotgan bir necha gumondorga nisbatan vaxshiyona qiynoqlar qo‘llanilganligi haqida post qoldirdi. Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov munosabat bildirdi.
E’lon qilingan xabarga ko‘ra, dastlabki holatda “Ezgulik” jamiyatiga murojaat qilgan Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlog‘ida yashovchi Doniyor To‘raxo‘jayev bosqinchilikda gumonlangan 40 yashar ukasi Dilshodjonning 12-15 aprel kunlari Toshkent shahar IIBB tergov bo‘limida shafqatsiz qiynoqlarga solingani, og‘zi va qo‘llari skotch bilan bog‘lanib, noinsoniy qiynoqlarga solinganini iddao qilgan.
Surishtiruv, advokatlar va guvohlar bilan suhbatlardan so‘ng ma’lum bo‘lishicha, Dilshodjon To‘raxo‘jayev haqiqatdan ham fuqaro kiyimidagi jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari, maxsus kiyimdagi tergovchilar tomonidan majburiy ko‘rsatma olish maqsadida qiynoqqa solingan.
Shohruh G‘iyosov yuqoridagi holatga bergan munosabatiga ko‘ra, joriy yilning 12 aprel kuni IIV Tezkor qidiruv departamenti Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Toshkent shahar IIBB, Namangan viloyati IIB hamda DXX xodimlari tomonidan Toshkent shahri va Namangan viloyati hududlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar jarayonida bir necha oylar davomida tadbirkorlarga nisbatan tovlamachilik qilib ularni qo‘rquv ostida ushlab kelayotgan yirik uyushgan jinoiy guruhning 10 nafar a’zolari qo‘lga olingan.
Guruh a’zolarining ilgari og‘ir turdagi jinoyatlar bilan bir necha marotaba sudlanganliklari hamda nihoyatda tajovuzkor ekanliklari inobatga olinib, Ichki ishlar organlarining maxsus kuchlari jalb etilgan holda qo‘lga olingan va zararsizlantirilgan. Gumondorlarning yonidan maxsus tayyorlangan 2 dona o‘tkir tig‘li jism, bir nechta skotch, Ichki ishlar organlari xodimlarining dala formalari, rezina qo‘lqoplar, 0,7 gramm “opiy” giyohvandlik moddasi, tramadol tabletkasi va sport sumkasi daliliy ashyo sifatida olingan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondorlarni boshqa bir qator og‘ir jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda. Barchasi o‘rnatilgan tartibda himoya bilan ta’minlangan.
Shuningdek, Abdurahmon Tashanov boshqa bir holatda O‘zbekiston Respublikasi JKning 251-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda gumonlanib, Toshturmada saqlanayotgan 29 yashar Hasanboy Abdunabiyevning suratlarini joylagan. Unga nisbatan sodir etilgan qiynoq oqibatida u salkam nogironga aylanib qolganini aytgan.
Ikkinchi holat bo‘yicha Shohruh G‘iyosov izoh berib, gumonlanuvchi qo‘lga olish jarayonida qattiq qarshilik ko‘rsatganini aytgan.
“Joriy yilning 6 aprel kuni Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi hamda DXX tomonidan Toshkent shahri hududida kuchli ta’sir qiluvchi zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallagan fuqaro X.A. qo‘lga olish jarayonida qattiq qarshilik ko‘rsatganligi sababli maxsus xizmatlar tomonidan jismoniy kuch ishlatilib qo‘lga olingan”, deyiladi munosabatda.
Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, boshqa og‘ir turdagi jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. Gumonlanuvchi protsessual tartibda himoya bilan ta’minlangan.
Shu bilan birga, yuqorida bayon etilgan jinoyat ishlari bo‘yicha gumondorlarning ayrimlari muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanib kelganliklari, ilgari ko‘chada turli mushtlashuvlarda qatnashganliklari aniqlangan bo‘lib, hozirda uchinchi shaxslar orqali ilgari mavjud bo‘lgan jarohatlarini pesh qilgan holda, ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan ishonchsizlik va nosog‘lom shov-shuv uyg‘otish maqsadi ko‘zlanayotganligi haqida ma’lumotlar mavjud.
Har bir holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi