Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

IIBdan o‘lik holda chiqqan fermer bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi

3-sahifa

image

Avvalroq, Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida 42 yoshli ayol va uning bolasi o‘ldirilib ketilgani, uyi esa yoqib yuborilgani xabar qilingandi. 25 fevral kuni esa mazkur ish doirasida tergovga jalb qilingan 50 yoshli fermer Tohirjon Hayitov o‘lik holda oilasiga topshirilgandi.

Tohirjon Hayitov yurak xurujidan vafot etgani va uning o‘limi bo‘yicha prokuraturaga so‘rov kiritilgani aytildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman xabar berdi.

Qayd etilishicha, fermer Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudining 2025 yil 24 fevraldagi qaroriga asosan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha aybli deb topilgan va unga 6 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. U Termiz shahridagi ma’muriy qamoqxonaga olib borilayotgan vaqtda sog‘lig‘i yomonlashgani sababli Sariosiyo tuman tibbiy yordam bo‘limiga olib kelingan. Biroq tibbiyot xodimlari uning vafot etganini ma’lum qilgan.

Sariosiyo tuman sud-tibbiy ekspertizasi xulosasida marhum yurak ishemik kasalligi, infarkt miokardi, yurak anevrizmi va yurak tamponatsiyasi oqibatida vafot etgani qayd etilgan. Shuningdek, unda piyelonefrit va arteroskleroz asoratlari mavjud bo‘lgan. Ekspertiza ko‘rigi vaqtida uning badanida biror-bir tan jarohatlari va ularning izlari aniqlanmagani ko‘rsatilgan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Sariosiyo tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, tekshiruv viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan. Shuningdek, holat bo‘yicha Bosh prokuraturaga Ombudsman so‘rovi yuborilgan.

QALAMPIR.UZ mazkur ish doirasida qo‘shimcha ma’lumot olish uchun Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov bilan bog‘landi. Uning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, 15 fevral kuni Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida 42 yoshli ayol va uning bolasi o‘ldirilib ketilgan, uyi esa yoqib yuborilgan. 23 fevral kuni taxminan 12:00 larda mazkur ish doirasida Tohirjon Hayitov Uzun tumanidagi yashash uyidan tergovga olib ketilgan. Oradan ikki kun o‘tib, 25 fevral kuni u o‘lik holda oilasiga topshirilgan. Hayitovning jasadi Sariosiyo tumanidagi o‘likxonadan topilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo IIB fermer Uzun tumani o'lik Tohirjon Hayitov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing