IIBB jinoyatchilikni orzu qilgan bolani ushladi (video)
3-sahifa
−
15 fevral 13094 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda 15 yoshli bolaning jinoyatchilikni orzu qilib gapirgan gaplari aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, jinoyatchi bo‘lishni orzu qilib yurgan ushbu bola shahar IIBB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan. Bolaning shaxsiga aniqlik kiritilgan. Bundan oldin ham 2024 yilda bola ushbu markazga olib kelingani aniqlangan.
“O‘shanda ham ko‘chalarda nazoratsiz yurgan. Onasi bilan aloqaga chiqilganda, bolasini olib ketishga imkoni yo‘qligini bildirgan”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, ushbu videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylagan fuqaroning shaxsiga oydinlik kiritilgan. Ma’lum bo‘lishicha, bola ko‘chada sotuvchilik qilib yurganda, yigit videoga tushib berishi uchun bolaga 500 ming so‘m pul va’da qilgan. Bola esa ushbu shartga rozi bo‘lgan. Aniqlanishicha, bola 2 oydan beri ota-onasining qarovisiz qolgan hamda maktabga jalb etilmasdan ko‘chada sotuvchilik bilan shug‘ullanib kelgan.
Ushbu videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylagan shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188 -1-moddasi (voyaga yetmagan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga jalb qilish) bilan BHMning 15 barobari miqdorida jarimaga tortilgan. Ushbu holat yuzasidan bolaning ota-onasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) muvofiq BHMning 25 barobarigacha miqdorda jarima solinishi yoki 15 sutkagacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning sentyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda musiqa festivaliga kelgan fuqarolar o‘zaro janjallashgani aks etgan video tarqalgandi. IIO xodimlari tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ularning shaxsi aniqlanib, ushbu holatni 5 nafar voyaga yetmagan fuqaro sodir etgani ma’lum bo‘lgandi.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr