IIB xodimlarini kalamush, deyish haqoratga kirmaydiyu, “ment” so‘zi kiradimi? – Kusherboyev bloger voqeasi bo‘yicha IIVga yuzlandi
Jamiyat
−
02 Oktabr 2021
28516O‘zbekistonda Yo‘l-patrul xizmati xodimlari faoliyatini yoritish bilan shug‘ullanib kelgan bloger Bobur G‘aniyev ichki ishlar organi xodimlarini haqorat qilgani uchun hibsga olinishi muhokama mavzusi bo‘lib turibdi. Kimdirlar u chiqishlarida etika qoidalarini buzib kelganini aytsa, boshqalar ichki ishlar organlari xodimlari uni hibsga olib, “na koleni” o‘tirgan videosini tarqatib yuborganini qoralayapti.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev blogerning hibsga olinishiga munosabat bildirib, qator savollarni o‘rtaga tashladi.
“Bobur G‘aniyev ismli bloger Uchtepa tumanida IIB xodimlarini “ment”, deb haqorat qilgani va shaxsiy telefonida pornografik materiallar borligi uchun ushlangani haqida xabarlar tarqalmoqda. Yana bloger jamoat tartibini buzdi, degan ayb ham qo‘yilgan.
Qizig‘i fuqaroni so‘roq qilish jarayoni tarmoqlarga atayin tarqatilayapti.
Vijdon nimaligini bilmaydigan va buning uchun blogerlardan ko‘p tanqidga uchraydigan sud’ya va prokurorlar ham ishlayotgan bir vaqtda blogerning jamoat tartibini buzmaganini isbotlash ko‘rsatkichi nolga teng”, deydi Kusherboyev.
Deputatga ko‘ra, ish atayin uyushtirilgan, degan shubha ko‘pligi sababli protsessual qoidalar doirasida quyidagi savollarga javob berilishi kerak.
“Birinchidan, qanday qilib IIB xodimlari qo‘liga blogerning telefoni tushib qoldi? Telefondan jinoyat quroli sifatida foydalanilib IIB yoki boshqa shaxslarga tan jarohati yetkazilganmi?
Ikkinchidan, telefon nima uchun tintuvdan o‘tkazildi? Bu tintuv emas, ko‘zdan kechirish, deyilsa telefonning ost-ustiga qaraladi xolos. Ya’ni uning pichoq, to‘pponcha, non emas, aynan telefon ekanligiga ishonch xosil qilish uchun ko‘riladi. Bu o‘rinda IIB xodimlari fuqaroning telefonidan qandaydir noqonuniy material topish maqsadida tintuv o‘tkazishgan ko‘rinadi. Tintuv uchun esa sanksiya kerak.
IIB xodimlariga sanksiyasiz tintuv o‘tkazishga huquq berilganmidi?
Uchinchidan, telefonni tintuvdan o‘tkazish qanday usul va tartib bo‘yicha olib borildi, tartib bormi o‘zi?
To‘rtinchidan, erkak va ayol o‘rtasidagi jinsiy aloqaga doir video va tasvirlarning voyaga yetgan fuqaro telefonida bo‘lishi mumkinmasligi qaysi qonunda belgilangan?
Beshinchidan, ahloq normalariga to‘g‘ri kelmasa-da, er-xotin sifatida ayol va erkak o‘rtasidagi jinsiy aloqa noqonuniy bo‘lmagani holda, voyaga yetgan inson uchun bu kabi tasvirlarni o‘z telefonida bo‘lishi qanday huquqiy javobgarlikka sabab bo‘ladi?
Oltinchidan, haqorat qilish deganda, fuqaro aynan qanday so‘zlarni ishlatgan bo‘lishi lozim. Masalan, IIB xodimlarini kalamush, deyish haqoratga kirmaydiyu, “ment” so‘zi kiradimi. Bu qayerda belgilangan?
Yuqoridagi savollarga aniq va asosli javob berilishi shart. Aks holda blogerning huquqbuzarligiga doir harakatlarning qonuniyligi bo‘yicha shubhalar yo‘qolmaydi. Bo‘lmasa istagan fuqaroni yo‘q joydan jinoyatchiga chiqarish mumkin”, deya qator savollarni o‘rtaga tashlagan deputat.
Rasul Kusherboyev Uchtepa tumani IIB xodimlari Prezident kafilligidagi Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan so‘z erkinligidan foydalanib, tanqid qilayotgan fuqarolarni qo‘rqitib, erkinliklarini bo‘g‘ish maqsadida o‘zlari jinoyatga yo‘l qo‘yishmaganiga umid bildirgan.
“Agar shunday bo‘lib chiqsa, bunday IIB xodimlari bor jamiyatda yashayotganimdan uyalaman”, deya so‘zini yakunlagan deputat Kusherboyev.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 sentyabr kuni taxminan soat 23:30 da Uchtepa tumani “Farhod” bozori ro‘parasida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz poytaxt” profilaktik tadbiri davomida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektorlari tomonidan Epica rusumli davlat raqami 01 U 909 BB bo‘lgan avtomashina to‘xtatilgandi.
Transport vositasi haydovchisi 1993 yilda tug‘ilgan Abror Kozubayevning (internet tarmog‘ida “Abror bloger” nomi bilan tanilgan) hujjatlari tekshirilgan. Shu jarayonda Epica rusumli avtomashinada yo‘lovchi sifatida o‘tirgan 1987 yilda tug‘ilgan Bobur G‘aniyev (internet tarmog‘ida “Avtobloger Bobur G‘aniyev” nomi bilan tanilgan) YPX inspektorlarini haqorat qilib, janjal ko‘targan. IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan jamoat tartibini buzgan. Shundan so‘ng transport vositasining haydovchisi Abror Kozubayev, yo‘lovchilari Bobur G‘aniyev va O.Salimov Uchtepa tumani IIO FMBga olib borilgan.
Holat yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish va tekshiruv o‘tkazish jarayonida Bobur G‘aniyevning shaxsiy uyali telefon apparatida pornografik mazmundagi qonunda taqiqlangan videomateriallar va fotosuratlar borligi aniqlangan.
Biroq, IIO xodimlarini haqorat qilishda ayblangan blogerning tiz cho‘kkan holda o‘tirgan va tergov jarayonidagi videolari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. QALAMPIR.UZ bu videolar qanday qilib tarqalgani bo‘yicha izoh olish uchun Toshkent shahar IIBB bilan bog‘landi. Shundan so‘ng, videoni tarqatganlarga nisbatan xizmat tekshiruvi boshlangani ochiqlandi.
Bugun, 2 oktyabr kuni esa bloger Bobur G‘aniyev 15 sutkaga qamalgani ma’lum bo‘ldi. Ammo bu haqda rasmiy ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning 22 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga yo‘llagan Murojaatida viloyatlar chegarasidagi yo‘l-patrul postlari faoliyatini tanqid qilib, shunday degandi:
"Farg‘ona vodiysidan kelayotgan kishi esa 8 ta ana shunday postga duch keladi. Toshkentdan o‘tasiz bitta post, tepadan o‘tasiz ikkita post, tepadan yaxshilab tekshiradi. To‘g‘ri yo‘ldan Namanganga kirganingizda kalamushlar turadi. Qayoqdan kelyapsiz, oching orqani, deydi. Bu nima o‘zi? Shu munosabat bilan viloyatlar chegarasidagi barcha yo‘l-patrul postlarini tugatish patrul xizmati statsionar postlarini sonini keskin kamaytirish lozim".
LiveBarchasi