IIB dan yosh yigitning o‘ligi chiqdi (videoreportaj)
3-sahifa
−
03 dekabr 2023
11052Chirchiq shahar ichki ishlar boshqarmasi tergov hibsxonasidan 22 yoshli bolaning o‘ligi chiqdi.
2 dekabr kuni QALAMPIR.UZ’ga Toshkent viloyati Chirchiq shahar Ichki ishlar boshqarmasi tergov hibsxonasidan 2001 yilda tug‘ilgan Abdulloh ismli yigit o‘zini osgan holda topilgani haqida xabar kelib tushdi.
Unda aytilishicha, yigit joriy yilning 20 noyabr kuni o‘g‘rilik jinoyatida gumonlanib qamoqqa olingan. U 1 dekabr kuni tungi soat 02:30 larda hibsxonada vafot etgan.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi mahbus o‘lganini tasdiqladi, to‘g‘rirog‘i o‘z joniga qasd qilganini aytdi.
QALAMPIR.UZ o‘laroq voqeaning rasmiy tafsilotlariga to‘xtalishdan avval shuni alohida ta’kidlamoqchimiz. Shaxsan men boshchiligimda tahririyat a’zolari bizga ma’lumot kelib tushgan zahotiyoq Chirchiq shahar sud-tibbiyot ekspertizasiga bordik. Xo‘sh, nega? Chunki yigit o‘zini osgani haqidagi rasmiy ma’lumotlar berilayotgan bir paytda uning yaqinlari marhumning tanasida ko‘kargan izlar borligi, u o‘zini osmagani, balki o‘lasi qilib kaltaklanganini iddao qildi.
Sud-tibbiyot ekspertizasiga prokuratura va ichki ishlar vakillari ham keldi va marhum Abdullohning yaqinlariga u o‘z joniga qasd qilganining isboti o‘laroq tergov izolyatori kamerasidagi tasvirlarni ko‘rsatishlari mumkinligini aytishdi. Shu tariqa, yigit o‘zini osayotgani aks etgan kadrlarni marhumning otasi va Xalq deputatlari Chirchiq shahar kengashi deputati Jahongir To‘laganovga, ulardan so‘ng, QALAMPIR.UZ xodimlariga ko‘rsatildi.
Yigitning o‘z joniga qasd qilishiga nima sabab bo‘lgani hozircha ma’lum emas. Hibsxona kamerasidagi tasvirlarga ko‘ra, yigit o‘zini choyshabga osgan. Marhum o‘zini osgani aytilgan bo‘lsa-da, uning yaqiinlari o‘g‘lining burni singani va tanasida jarohatlar borligini aytmoqda va takroroan ekspertiza o‘tkazishni talab qilmoqda.
Endi esa toki ushbu voqea haqida QALAMPIR.UZ xabar bermaguncha talqon yutgandek, xabar bermay o‘tirgan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lumotiga to‘xtalsak.
“2001 yilda tug‘ilgan fuqaro A.O‘. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi (o‘g‘rilik, ko‘p miqdorda) va 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (firibgarlik, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida ayblangan.
Tergov davomida, A.O‘. oldin ham JKning 164-moddasi 2 qismi “a” bandi (bosqinchilik, qurol yoki qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni ishlatib) bilan sudlanganligi inobatga olinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Joriy yilning 1 dekabr kuni soat tungi 02:30 larda jinoyat ishi doirasida hibsxonada saqlanayotgan A.O‘. kameradagi yopinchiq choyshabdan sirtmoq yasab, kamera oynachasining temir panjarasiga bog‘lagan holda o‘z joniga qasd qilgan.
Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limi bo‘yin qismi sirtmoq bilan siqilishi natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya oqibatida yuz bergan”, deyiladi Toshkent viloyati IIBB rasmiy bayonotida.
Ushbu voqea Ichki ishlar tomonida tasdiqlangach, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ham o‘rganish boshlaganini ma’lum qildi.
“To‘plangan hujjatlar o‘rganilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun viloyat prokuraturasiga yuboriladi va yuqoridagi holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Ombudsman yuqorida qayd etilgan xabarlar yuzasidan tekshiruv har tomonlama, to‘liq va qonuniy o‘tkazilishini nazorat qiladi”.
O‘zbekistonda Ichki ishlardan o‘lik chiqishi birinchi marta emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha bor qiynoqlar masalasini ko‘tardi. Andijon va Qashqadaryodagi qiynoqning izi, chiqqan o‘likning go‘ri hali sovugani yo‘q. Undan keyin esa qanchadan qancha bunday voqealarga guvoh bo‘ldik. Oxirgisi Bo‘kadami yo Chilonzordami. Odam eslab qolishga ham ulgurmayapti. Va ko‘rinyaptiki, bu oxirgisi emas. Albatta, bu safar videolarni ochiq-oydin ko‘rsatishlaridan ko‘rinyaptiki, yigitning o‘zini osgani ehtimoli yuqoridir. Bunga bahoni biz emas, tergov va sud beradi. Yigit o‘zini osdi ham deylik. Xo‘sh, nega osdi? Osishiga olib kelgan ruhiy yo jismoniy bosim bo‘lmaganmi? Bularga ham oydinlik kiritilishiga, Ichki ishlarga o‘z oyog‘i bilan kirganlar yana bus-butun chiqishiga umid qilib qolamiz.
LiveBarchasi